Mamlakatda elektr va gaz ta`minoti sohasidagi tizimli muammolarni samarali hal etmasdan turib, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini kengaytirish, ishchanlik faolligi va mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirish mumkin emas.
Bu esa, shubhasiz, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bilan bog`liq masaladir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qo`shayotgan yirik korxonalardan. Prezidentimiz tomonidan kombinatning salohiyatini yanada oshirish, modernizasiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo`yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun esa u xoh ichki bo`lsin va yo xoh tashqi bo`lsin, investisiya jalb etish talab qilinadi.
Bugungi kunda mamlakatimizning istalgan hududiga borib, aholidan elektr ta`minoti bo`yicha yoki yoqilg`i mahsulotlari, masalan, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti bo`yicha savol bersangiz, “Xudoga shukur, kun ko`rib qoldik”, deb javob beradiganlari ham topiladi, hanuzgacha to`lovlardan bo`yin tovlab yuradiganlari ham uchraydi.
Vaholanki, bugun hayotimizni elektr energiyasi va tabiiy gazsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Qo`limizdagi mittigina uyali aloqa vositasidan tortib, xonadonimizni yorituvchi elektr chirog`igacha, ko`chalarimizdan to yirik ishlab chiqarish korxonalarigacha barchasi elektr energiyasi bo`lmasa, ishlamaydi. Demak, uzoqdan qarindoshimizdan xabar olish, uyimizu ko`chalarimiz tunda charog`on bo`lishi, bolalarimiz ta`lim olishiyu, yurtimizning taraqqiyotga erishishigacha barchasi birgina mana shu elektr energiyasi bilan bog`liq. Shunday ekan, undan tejamkorlik bilan foydalanish, iste`mol qilingan har bir kilovatt energiya uchun haqini o`z vaqtida to`lab qo`yish burchimiz.
O`zbekiston byudjeti elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini sotishda tashqi bozordan foyda olsa, ichki bozorda aksincha. Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida ushbu mahsulotlar arzon etkazib beriladi. Ba`zan, elektr energiyasining narxi qimmatligidan noliydiganlar ham topiladi. Keling, shu o`rinda boshqa yurtlarda bu masala qanday degan bir savol berib ko`raylik.
Agar energiya ta`minoti bo`yicha ba`zi mamlakatlarni taqqoslaydigan bo`lsak, yuqoridagi fikrimiz asosli bo`ladi. Masalan, Rossiya Federasiyasida hududlar kesimida aholi elektr energiyasi iste`moli uchun energiya haqini turli tariflarda va toifalangan narxlarda to`laydi. Bunda eng yuqori narx Moskva aholisi uchun belgilangan. Xususan, gaz plitalari bilan jihozlangan uylar uchun belgilangan elektr quvvatining bir martalik tariflari 1 kVt/soatiga 5,38 rublni tashkil qiladi. Elektr pechlari va (yoki) elektr isitish moslamalari bilan belgilangan tartibda jihozlangan uylarda yashovchi aholi uchun elektr energiyasi iste`molining bir martalik tarif 1 kVt soatiga 4.04 rubl.
Qo`shni Qozog`iston Respublikasida ham shunday tartib joriy etilgan. Jismoniy shaxslar uchun tariflar elektr energiyasidan foydalanish hajmiga qarab farqlanadi. Masalan, birinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 16,65
tenge; ikkinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 21,99 tenge; uchinchi darajali tarif – 1 kVt/soatiga 27,48 tenge.
Ma`lumotlarga ko`ra, Avstraliyada 1 kVt/soat narxi 0,29 dollarni tashkil qiladi, Armanistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi ($) 0,07–0,09 (34,98–44,98 ds.). Ozarboyjonda – 0,04–0,06 (0,07–0,11 manat), Belorusda – 0,06–0,1, Gruziyada – 0,05–0,09, Germaniya 0,37 evro (0,3 evro), Tojikistonda – 0,02 (0,168 somoniy), Turkiyada – 0,32 (1,2 lira), Ukrainada– 0,03 (0,9 grivniya), AQShda – 0,09 – 0,3, Yaponiyada – 0,26, Daniyada – 0,30 AQSh dollarida aholiga sotiladi.
Ma`lumki, Tojikiston energiya resurslariga boy mamlakat. “Barqi tojik”ning 2017 yilgacha mo`ljallangan quvvati bo`yicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 15 milliard 359,1 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2016 yilda chiqarilgan elektr energiyasidan 955,8 million kVt/soatga ko`p. O`tgan yili TALKO (Tojikiston alyuminiy kompaniyasi) “Barqi Tojik” elektrostansiyasining 16,5 foizini, 2016 yilda esa 20,4 foizini tashkil etdi. Bu esa mamlakatni to`laligicha energiya bilan ta`minlash qatorida, eksport qilish imkonini ham beradi.
Bu boradagi ikki tomonlama hamkorlik o`rnatilgandan so`ng Tojikistondan O`zbekistonga 2018 yil vegetasiya davrida o`zaro foydali texnik-iqtisodiy shartlar bo`yicha 1,5 milliard kVt/soatgacha bo`lgan miqdorda elektr energiyasi etkazib beriladi. Shuningdek, 2018-2019 yillar qish mavsumi uchun etkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi qo`shimcha ravishda ko`rib chiqilishi ham belgilangan.
Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta`minlash borasida ham O`zbekistonda aholi manfaatidan kelib chiqqan holda yondashilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi kunda yurtimizda 6 million 143 ming iste`molchiga gaz yoqilg`isi etkazib berilmoqda. Jumladan, 3 million 300 ming uy-joy va 83 mingga yaqin ulgurji iste`molchi tabiiy gaz, 2 million 760 ming aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan ta`minlanmoqda. Ulgurji iste`molchilarning 5 ming 700 ga yaqini sanoat korxonalari, 45 ming 500 ga yaqini maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlari hamda 31 ming 500 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub`ektlaridir.
Agar gaz ta`minoti bo`yicha xorij tajribasiga e`tibor qiladigan bo`lsak, tabiiy gaz ishlab chiqarish bo`yicha dunyoda etakchi davlatlardan sanaladigan Qatar aholisi gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz bilan ta`minlanadi. Boshqacha aytganda, u erda sizu bizga o`xshab oqib turgan tabiiy gazdan foydalanilmaydi.
Xulosa o`rnida aytish kerakki, aholini elektr energiyasi, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta`minlashda, avvalo, qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga to`liq amal qilgan holda, har bir iste`molchi elektr energiyadan oqilona va to`g`ri foydalanish, uning behuda sarflanishiga yo`l qo`ymaslik, haqini o`z vaqtida to`lash va texnika xavfsizligiga to`liq rioya qilish, shuningdek, soha xodimlari o`z ishiga vijdonan yondashishi talab etiladi. Oldinda turgan yirik loyihalarni amalga oshirish uchun esa ichki va tashqi investisiyalarni jalb qilish muhim vazifalardandir.