AsosiyJamiyat

“Sharq yakkakurashlari malikasi – 2014” an`anaviy ko`rik-tanlovi yakunlandi

“Turkiston” saroyida sportchi qizlar o`rtasida “Sharq yakkakurashlari malikasi – 2014” an`anaviy ko`rik-tanlovi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Sharq yakkakurashlari va jang san`atlarini rivojlantirish markazi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida o`tkazilgan tanlovda sportchi qizlar sportning turli yo`nalishlarida o`z iqtidor va mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda xotin-qizlar, ayniqsa, yoshlar o`rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ularning o`z iste`dodini namoyon etishi uchun barcha shart-sharoit yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada Sharq yakkakurashlari va jang san`atlarini rivojlantirish markazi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Natijada o`zbek qizlarining qit`a va jahon miqyosidagi musobaqalarda qo`lga kiritayotgan yutuqlari salmog`i oshib bormoqda.
Ko`rik-tanlovda qizlarning ma`naviy-ma`rifiy, san`atga oid bilim va mahorati, pazandalik san`ati hamda kiyinish madaniyati sinovdan o`tkazildi.
Taekvondochi Maftuna Xudoyorova “Sharq yakkakurashlari malikasi” degan sharafli nomga sazovor bo`ldi. Ushu bo`yicha sport ustasi Kamola Qurbonova ikkinchi, dzyudo bo`yicha xalqaro musobaqalar sovrindori Amina Mamedova uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi. O`zbek jang san`ati ustalari Maftuna Tueva va Zarnigor Nurillaeva, penchak silat bo`yicha mamlakatimiz chempioni Zulfiya Roziqova turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblikni egalladi.

    Boshqa yangiliklar