AsosiyJamiyat

​123 yoshli farg`onalik momo: Yaratgan sabrimni ko`p sinagan

'​123 yoshli farg`onalik momo: Yaratgan sabrimni ko`p sinagan'ning rasmi

Huvaydo momo Umarova juda mashhur ayol! U bu yil 123 yoshni qarshi oldi! Farg`ona viloyatining Buvayda tumanidagi Qoraqum mahallasida yashovchi momo bilan suhbatlashib, bir olam taassurot olasiz!

HAYoTIM SIZLARGA ERTAKDEK TUYuLADI

Huvaydo momo UMAROVA, 123 yosh:

– Bu bosh ne-ne qiyinchiliklarni ko`rmadi, deysiz. Bizning yoshlik chog`imiz non oltindan ham qimmat, ocharchilik davrlari edi. Umr bo`yi dalada mehnat qildim. Og`ir yillarga guvoh bo`ldim. Kechasi bug`doy o`rib, kunduzi g`o`za chopiq qilardik. Ish haqi o`rniga ikki hovuch makkajo`xori yoki oqshoq berilardi. Tushlikda ovqat va zog`ora nonni bajargan ishingizga yarasha o`lchab berishardi. Yaxshi ishlaganga uch yarim cho`mich ovqat tegardi. Bunday qiyinchiliklarga dosh berib, sabr bilan yashayotganimizda urush boshlangan. Butun qishloq erkaklari jangga ketgan, biz xotin-qizlar esa og`ir yumushlarni elkamizga olib, barini o`zimiz uddalardik.

O`sha kezlar 9 gektar erning g`o`zasini bir o`zim sug`orib, har kuni 250 kilogrammdan paxta teribman, deng. Qo`llarim qadoq bo`lib, bellarim qavarib ketardi. Katta Farg`ona kanalini qazishda ham qatnashganman. Qurilishdagi ishchilarni ichimlik suvi bilan ta`minlardik. Qahatchilik, ocharchilik azoblari ustiga “xalq dushmani”, degan tamg`a orqali ne-ne umrlar zavol ketgani hech esimdan chiqmaydi. Endi shular haqida nevarayu chevaralarimga aytib bersam, ishonishmaydi, ertakdek tuyuladi, ularga.

Yaratgan sabrimni ko`p sinagan

– O`n etti yoshda qo`shni qishloqqa kelin bo`ldim. O`n olti yil tirnoqqa zor bo`lib yashadik. Axiyri, yaqinlarimning qat`iy qarori bilan ajrashdik. Keyinroq yon mahalladagi yigitga berishdi, meni. Oradan bir yil o`tgach, qizli bo`ldik. Ammo xursandchiligimiz uzoqqa cho`zilmadi – o`ttiz uch yoshda ko`rgan to`ng`ich farzandim vafot etdi. Keyingi safar ham qizalog`imni erta tuproqqa qo`ydim. 1935 yili sabr-qanoatimni sinagan Alloh qo`chqordek o`g`il ato etdi. Unga yaxshi niyatlar bilan Hoshimjon deya ism berdik. Shundan so`ng bir etak farzand ko`rdim – etti nafar o`g`il-qizli bo`ldik. Hozir bag`rim to`lib, keksalik gashtini suryapman. Bolalarim jam bo`lishsa, katta to`y bo`lib ketadi: 36 nevara, 68 chevara, 28 evaraning o`yin-kulgusi, shirin suhbatlari ko`nglimni tog`dek ko`taradi.

Tishlari chiqdi, sochlari o`sdi

Dilorom UMAROVA, kenja kelini:

Bu xonadonga kelin bo`lib tushganimga 33 yil bo`ldi. Men kelgan vaqtda qaynonamning ko`zlari ojiz edi. hassaga tayanib yurardilar. Oxirgi o`n yillikda esa bir joyda o`tiradigan bo`lib qoldilar. Kechayu kunduz nazorat qilib turaman. Tunlari birga yotaman. Juda kam uxlaydilar. Erta tongda tahorat olgach, salovatlar aytib, duolar qilib o`tiramiz. Aravachaga o`tkazib, ko`cha-ko`yga olib chiqaylik desak, sira ko`nmaydilar. Ovqat oz eydilar. Ko`proq suyuq taomlar pishiring deydilar. Choy o`rniga qaynatilgan suv ichamiz.

Onamizning tishlari ikkinchi marta ham chiqib, ko`pi to`kilib ketdi. Sochlari qayta o`sib, yana siyraklashib qolgan. Ko`zlari ko`rmay, mustaqil yurolmaganlari bilan xotira kuchli. Bolalik, yoshlik chog`lari, kolxozlashtirish davri, quloqlashtirish yillari, urush mashaqqatlari, mash`um qatag`on voqealari to`g`risida ko`p gapiradilar. Tirik tarix deysiz!

GINNES KITOBIGA KIRADI!”

To`raqul UMAROV, kenja o`g`li, 55 yosh:

Onam bizning baxtimiz, bebaho boyligimiz. Biz, farzandlar – uch o`g`il va to`rt qiz barimiz qishloq xo`jaligida faoliyat yuritib, o`zimiz ham bugun keksalikka yuz tutdik. To`rt yil oldin to`ng`ich akamning vafoti volidam uchun juda kuchli zarba bo`ldi. Akam bilan bog`liq xotiralarni ko`p eslaydi. Onamning aytishicha, uzoq umr ko`rish ularning qonida bor ekan. Ajdodlari orasida ham bir asrdan ziyod hayot kechirganlar ko`pchilik. Masalan, dadasi Toshmat ota 101 yil, tog`asi Mullaqodir ota 130 yil, ammasi Saydiniso aya 125 yil umr ko`rishgan ekan. Ayamning ulardan ham ko`proq yashashini Xudodan so`raymiz!

Ikki yil avval onangizniDunyoning eng keksa kishisisifatida Ginnes rekordlari kitobiga kiritish haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralar bo`lgan edi. hatto o`tgan yili huvaydo momoning ism-familiyasi ushbu kitobga qayd etilgani to`g`risida ham gap-so`zlar quloqqa chalindi.

– Yurtimizning barcha hududlarida o`tkazilgan yoshlar festivalida bir guruh san`atkorlar xonadonimizda mehmon bo`lishgandi. O`shanda aktyor Alisher Uzoqov va ko`plab taniqli kishilar onam bilan suratga tushib, ushbu kitobga kiritish masalasini gapirishgandi. Ular ketganidan keyin uch-to`rt kun o`tgach, onamni ziyorat qiladiganlar ko`payib ketdi. Turli viloyatlardan yurtdoshlarimiz kelishdi.

Ginnes rekordlari kitobiga kiritish haqidagi munozaralardan xabarimiz bor. Lekin hali biror yangilik eshitganimizcha yo`q. Bu masalani jurnalistlar va qiziquvchilar ko`p muhokama qilishyapti. Ammo ikki yildirki, tayinli javob kelmadi. Aslida, bunga qiziqsak-da, qaerga murojaat qilishni, kimlardan aniq maslahat va xulosalar olishni bilmaymiz, ochig`i. O`sha jahonga mashhur kitobdan ham nasib qilsa o`rin olib qolar, onamiz. Asosiysi,sog`-omon-ku! Shunisiga shukr!

Mirolim ISAJONOV,

jurnalist

    Boshqa yangiliklar