O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yil 8-9 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo`ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida davlat rahbarlari o`rtasida muzokaralar, Fransiya parlamenti rahbariyati, etakchi kompaniyalari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Oliy darajadagi O`zbekiston – Fransiya muzokaralari kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli tarmoqlarda investisiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashuvlarni faollashtirish masalalari o`rin olgan.
Uchrashuv va muzokaralar yakunida 10 dan ortiq hukumatlararo va idoralararo, jumladan, iqtisodiyot va moliya, transport, turizm, ekologiya, madaniyat va san`at sohalarida o`zaro hamkorlik to`g`risidagi bitimlar, tashqi siyosat mahkamalari o`rtasidagi hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar imzolanishi ko`zda tutilgan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari BMTning Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha tashkiloti Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashadi. Unda O`zbekiston va YuNESKO o`rtasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi hamda 2018-2021 yillarga mo`ljallangan qo`shma Harakatlar rejasi qabul qilinadi.






