O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 oktyabr kuni Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Odri Azule davlatimiz rahbarini tashrifi bilan samimiy qutlab, O`zbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv g`oyat muhimligini qayd etdi.
Mamlakatimiz YuNESKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Ushbu tashkilot bilan birgalikda xalqaro miqyosda Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Farg`oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod, qadimiy shaharlarimiz Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg`ilon va Toshkent, “Alpomish” dostoni va “Avesto” kitobi, shuningdek, Xorazm Ma`mun akademiyasining yubileylari keng nishonlandi. Buxoro shahri tashkilotning “Tinchlik tarafdori bo`lgan shaharlar” sovrini bilan taqdirlangan.
Usmon Mashafi va Sharqshunoslik institutining qo`lyozmalar to`plami YuNESKOning “Jahon xotirasi” ro`yxatiga kiritilgan.
Xivadagi «Ichan qal`a» majmuasi, madaniyatlar chorrahasi - Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YuNESKOning Jahon merosi ro`yxatiga kiritilgan.
Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Katta ashula, askiya, osh, Navro`z, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritilgan.
O`zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi o`zbek musiqiy madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YuNESKO ko`magida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali o`tkazib kelinmoqda. Joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san`ati forumi o`tkazildi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasining YuNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ta`sis etildi.
Ta`lim sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli va muhimdir. O`zbekiston “Jaholatga qarshi ma`rifat” g`oyasi asosida jismoniy va ma`naviy barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari o`tgan yil sentyabr oyida BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” nomli rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi.
YuNESKO Bosh direktori O`zbekiston Prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bag`rikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulug`bek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ta`limda axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo`yicha mintaqaviy markaz hamda Samarqanddagi Turizm xalqaro universitetida YuNESKO kafedrasini tuzish bo`yicha tashabbuslarini qo`llab-quvvatladi.
O`zbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019 yilda Toshkentda "Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida" mavzuida Osiyo forumini o`tkazish to`g`risida kelishuvga erishildi.
Bosh direktor O`zbekistonning butun insoniyat boyligi bo`lgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.
Uchrashuv so`ngida Shavkat Mirziyoev va Odri Azule O`zbekiston bilan YuNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzoladilar.
Prezident Shavkat Mirziyoev YuNESKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.