AsosiySiyosat

Mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

'Mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2018 yil 10 oktyabr kuni mudofaa qurilishi va O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan xizmat yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Yig`ilishda qo`shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog` va harbiy texnika bilan ta`minlash, mavjud qurol-yarog` namunalarini modernizasiya qilish, mintaqa va dunyo mamlakatlari bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni faollashtirish, harbiy shaharchalar infratuzilma ob`ektlarini, qo`shinlarning texnik va front orti ta`minoti tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a`zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.

Harbiy okrug qo`mondonliklarining harbiy-ma`muriy sektorlar rahbariyati bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qo`shinlarning kundalik samarali faoliyatini tashkil etishda qo`shilma va qismlar komandirlariga ko`maklashish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi hamkorlik faoliyatining oraliq yakunlari ham ko`rib chiqildi.

Mudofaa vazirligi mas`ul mansabdor shaxslarining qo`shinlarning samarali jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarligini oshirish, boshqaruv organlari, birlashmalar, qo`shilma va qismlar, oliy harbiy ta`lim muassasalari, shuningdek, mahalliy harbiy boshqaruv organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to`g`risidagi ma`ruzalari tinglandi.

Mudofaa vazirligining axborotiga ko`ra, hisobot davrida jami 120 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari o`tkazilgan, ularda tegishli vazirlik va idoralarning 15 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari, shuningdek, davlat va xo`jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida harbiy okruglarning jangovar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi, doimiy shay holatdagi va maxsus topshiriqli mutlaqo yangi bo`linmalar tuzildi. Ko`rilgan chora-tadbirlar tufayli qo`shinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi oshdi, bo`linmalar jangovar shayligining vaqtga doir ko`rsatkichlari ikki barobar qisqartirildi, shaxsiy tarkibning professionallik darajasi yuksaldi.

Qisqa muddatda xorijning ilg`or texnologiyalari va zamonaviy o`quv vositalarini o`zida mujassam etgan yangilangan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi.

Xizmat yig`ilishi yakunlari bo`yicha Prezidentimiz tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va umuman mamlakat mudofaa qobiliyatini yuksaltirishning ustuvor yo`nalish va vazifalari belgilab berildi. Qurolli Kuchlarni yanada isloh qilish bo`yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar