Bir necha kun oldin Belgiya Sog`liqni Saqlash vaziri lavozimini egallagan 52 yoshli Meggi de Blok tanqidga uchradi. Hamma gap uning 128 kilogramm og`irligidadir. Fuqarolarning so`zlariga ko`ra, shunday odam sog`lom turmush tarzi timsoli bo`la oladimi, deb yozadi Mirror.
Ayni paytda Meggi de Blok Belgiyaning ko`zga ko`ringan siyosatchilaridan biri hisoblanadi. Ba`zi tahlilchilar uning bosh vazir bo`lishini ham bashorat qilishgandi. Ammo uni Sog`liqni saqlash vaziri etib tayinlashdi. Bu holat esa jurnalistlarni hayratga soldi. “U mana shu turishida sport va to`g`ri ovqatlanishni targ`ib qila oladimi?” degan savollar yuzaga keldi. Belgiyada aholining 47 foizi ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda.
Bu kabi gaplarga Blokning o`zi shunchaki kulib, “Tashqi ko`rinishga qarab baho bermaslik kerak. Axir men siyosatchiman, model emas” dedi.