1

Turkiyalik rejissyor "Jaloliddin Manguberdi" haqida film olmoqchi

Madaniyat 16.10.2018, 09:46
Turkiyalik rejissyor "Jaloliddin Manguberdi" haqida film olmoqchi

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Turkiyaning taniqli kino namoyandasi, “Ertugrul” teleserialining rejissyori Mehmet Bo`zdag` boshchiligidagi delegasiya ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi, deb xabar bermoqda O`zA.

“Jaloliddin Manguberdi” filmini suratga olishda hamkorlik masalalariga bag`ishlangan tadbirda yurtimizning taniqli san`at va madaniyat vakillari, kinorejissyor va aktyorlar ishtirok etdi.

Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari O.Nazarbekov, “O`zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar mamlakatimiz kinosanoatini har tomonlama rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotgani, bu sohani ravnaq toptirish uchun chet mamlakatlar, xususan, Turkiya davlati bilan ham keng qamrovli madaniy aloqalar yo`lga qo`yilayotganini ta`kidladi.

So`nggi paytlarda turk kinoijodkorlari tomonidan taqdim etib kelinayotgan kino mahsulotlari xalqimizning katta qiziqishiga sabab bo`lmoqda. Joriy yilda efirga uzatilgan seriallar nafaqat kino ixlosmandlari, balki o`zbek kino ijodkorlarining ham e`tiroflariga sazovor bo`ldi. Shu jihatdan ham “Ertugrul” teleserialining rejissyori yurtimizga taklif etildi.

Xorazmshohlar davlatining so`nggi hukmdori, mohir sarkarda bobomiz Jaloliddin Manguberdi Chingizxon boshchiligidagi mo`g`ul qo`shinlariga qarshi mardonavor jang qilgan, ona Vatan tuprog`ini asrashga jon fido qilgan buyuk siymo sifatida tarixga kirgan shaxsdir. U jasurligi, mardligi bilan birga adolatli hukmdor bo`lgani haqida ham tarixiy manbalarda keltirilgan. Shuning uchun ham turk rejissyorida u haqida tarixiy film olish g`oyasi tug`ildi.

13.JPG

– Men jahon tarixi, xususan, sizning buyuk bobolaringiz Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug`bek kabi siymolarning shonli o`tmishini chuqur o`rganib chiqqanman, – dedi Mehmet Bo`zdag`. – Ularning adolatliligi meni doimo o`ziga jalb qilgan va, albatta, ularning birortasi haqida tarixiy film olishni rejalashtirgan edim. Ertugrul ham aynan adolat bilan xalqni boshqargani uchun u haqida film suratga oldik. Bu teleserialdan keyin bizga dunyoning ko`plab mamlakatlaridan o`zlarining tarixi haqida kino suratga olish taklifi tushdi. Lekin ularni rad etdim. Chunki men buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haqida kino olishni maqsad qilganman va agar bu borada hamkorlik kelishuviga erishsak, ajoyib film suratga olish niyatidaman.

31.JPG

Anjumanda kinoijodkorlarimiz yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni istiqlol g`oyalari ruhida tarbiyalashga ko`maklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan filmlar yaratish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan ekani qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1