1

O`zbekiston-Rossiya: havo makonidan foydalanish va qurolli kuchlarni rivojlantirish yo`lida umumiy maqsadlar

Siyosat 18.10.2018, 09:50
O`zbekiston-Rossiya: havo makonidan foydalanish va qurolli kuchlarni rivojlantirish yo`lida umumiy maqsadlar

O`zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari tomonidan 2019 yilgi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi hamda O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasining harbiy havo kemalari tomonidan ikki mamlakat havo makonidan foydalanish bo`yicha kelishuvlar imzolandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

12 oktyabr kuni O`zbekiston va Rossiya mudofaa idoralari rahbarlari Toshkentda uchrashib, tomonlar ikki mamlakatning mudofaa sohasiga oid masalalarini hamda o`zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgandi. Abdusalom Azizov Rossiya mudofaa vaziri bilan suhbatda rossiyalik harbiy mutaxassislar bilan qo`shma tadbirlarni o`tkazish muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etib o`tgan. Uchrashuv yakuniga ko`ra, harbiy havo kemalari tomonidan ikki mamlakat havo makonidan foydalanish bo`yicha kelishuvlar imzolangani ma`lum qilindi.

Oxirgi marta, vazirlar Toshkentda, shu yilning 21 may kuni Rossiya Federasiyasi Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegasiya rasmiy tashrifi doirasida uchrashgandi. Tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlik va uning istiqbollarini muhokama qilib, harbiy-texnika yo`nalishida o`zaro aloqalarni mustahkamlash bo`yicha fikr almashishgan.

Bir yil muqaddam Jizzax viloyatidagi «Forish» tog` dala o`quv maydonida 12 yil ichida ilk marotaba Rossiya Federasiya hamda O`zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari bo`linmalari o`rtasida qo`shma mashg`ulot o`tkazilgandi. O`zbekiston—Rossiya o`rtasidagi so`nggi o`quv mashg`ulotlari aynan mana shu poligonda 2005 yilda tashkil etilgandi. Katta tanaffusdan keyin qo`shma mashg`ulotda ikki mamlakatdan jami 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

2017 yilning o`zida yana ikkita diqqatga sazovor hodisa ro`y berdi: birinchidan, O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi qoshida harbiy attashe lavozimi joriy etildi. Ikkinchidan, mintaqada xavfsizlikni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan O`zbekiston–Rossiya maslahatlashuvlarining 5-bosqichi Toshkentda bo`lib o`tdi.

2000 yildan boshlab O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi harbiy hamkorlik ikki davlat mudofaa vazirliklari o`rtasida har yili imzolanadigan Harbiy hamkorlik rejasi asosida amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvlarni amalga oshirish yo`lida tomonlar tezkor va jangovar tayyorgarlik, ta`lim, harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari, havo kemalari harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta`minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish kabi yo`nalishlarda ko`plab tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. O`tgan davr mobaynida ikki mamlakat hududida 300 ga yaqin hamkorlik tadbirlari o`tkazilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1