Jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni Elnur Abduraimov AQShda professional boksdagi ikkinchi jangini o`tkazdi.
AQShning Kaliforniya shtati Indio shahridagi “Fantasy Springs Casino” arenasi mezbonlik qilgan bahsda bokschimizga amerikalik charm qo`lqop ustasi Jovanni Gonsales raqiblik qildi.
Avvalroq, Elnur amerikalik boshqa bir bokschi Xose Salinasga qarshi ringga ko`tarilishi kerak edi. Lekin jangga bir kun qolganida raqib o`zgardi.
Gonsalesga qarshi jangni katta ustunlik bilan boshlagan Abduraimov ikkinchi raundga kelib raqibini nokautga uchratdi. Bu Elnurning uchun ikkinchi jangdagi ikkinchi nokautli g`alaba bo`ldi.
Ma`lumot uchun, Gonsales prof ringda 7 ta jang o`tkazib, ularning 5 tasida g`alaba qozongan. 2 ta jangda mag`lubiyatga uchragandi. Bugun uchinchi mag`lubiyat bo`ldi. Elnur esa bir necha kun oldin prof ringdagi debyutini amerikalik Aron Xollinsni nokautga uchratish orqali nishonlagan edi.






