6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi o`smirlar Olimpiya o`yinlari bo`lib o`tdi.
Mazkur «kichik Olimpiada» o`zbekistonlik yosh atletlar uchun har qachongidanda omadli keldi. O`yinlar yakuniga ko`ra hamyurtlarimiz tomonidan umumiy hisobda 16 ta medal qo`lga kiritildi. Ularning 5 tasi oltin, 4 tasi kumush va 7 ta bronza medallaridir. Medallar sifati bo`yicha 206 mamlakat ichida 13-o`rinni egalladik.
Bugun tunda ushbu musobaqada ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Milliy olimpiya qo`mitasi ushbu muvaffaqiyat bilan barcha sportchilarimizni, ularning murabbiylarini va sport federasiyalarini muborakbod etadi va oldinda turgan nufuzli musobaqalarda ham ushbu zafarli yurishni davom ettirishlarini tiladi.







