1

13 marta sudlangan resedivist kampir yana jazoga tortildi

Jinoyat 23.10.2018, 17:10
13 marta sudlangan resedivist kampir yana jazoga tortildi

Malika Nishonova (maqoladagi ism – shariflar o`zgartirildi) uchun sudning qora kursisi begona emas. U naq 13 marta jinoyat sodir etib, javobgarlikka tortilgan. 1955 yil, 8 iyunda Farg`ona viloyati, Qo`qon shahrida tug`ilgan, ma`lumoti o`rta, oilali, 5 nafar farzandning onasi. Afsuski, M. Nishonova yana sud kursisidan joy oldi.

Navbatdagi firibgarlik

Muqaddam ko`p marotaba sudlangan M. Nishonova 2018 yil 16 mayda takroran firibgarlik jinoyatiga qo`l urdi. U jarqo`rg`onlik fuqaro – Bahrom Safarovga Toshkentdan olib kelgan tovarlari uchun Jarqo`rg`on tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari 2 000 000 so`m jarima solishganini, ammo to`lov uchun unda etarli mablag` yo`qligini aytadi. Ustasifarang firibgar B. Safarovning ishonchiga kirib, undan 2 000 000 so`m undiradi. «Ustama haqi bilan qaytaraman», deya va`da bergan ayol bozor narxi 120 000 so`mlik «Nokia 1200» rusumli uyali telefon apparatini ham so`rab olib, yarim soatda qaytarishga shartlashadi. Shu bilan M. Nishonova qorasini ko`rsatmaydi. U B. Safarovni 2 000 000 so`mga chuv tushiradi.

Avvaldan rejalashtirilgan

Malika Nishonova sudda yolg`on ko`rsatma berish qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilgan. Shu bois, u galdagi ayblovni umuman inkor qilmadi va qilgan ishi avvaldan rejalashtirilgani haqida so`zlab berdi:

M. Nishonova:

– Surxondaryo viloyatining Jarqo`rg`on, Sherobod va Sho`rchi tumani bozorlarida oziq – ovqat mahsulotlarini sotaman. 2018 yil 16 may kuni Toshkentdan jami 400 kilogramm olma, pomidor va bodring keltirdim. Tovarni sotib, uydagi elektr energiyasidan qarzni to`lamoqchi edim. Savdo bo`ladimi-yo`qmi, deb xayol qilib, kimdandir pul olib turishni reja qildim. Rosti, bu ishni aldov yo`li bilan bajarmoqchi edim.

M. Nishonova undan bir necha marotaba olma sotib olgan «Adham» ismli tanishiga yuzlanadi. «2 000 000 so`m qarzga berib tur, tez fursatda pulingni 4 million qilib qaytaraman» deya tanishini ishontirgan ayol «Adham»ning uyiga yo`l oladi. Malika Nishonova o`tirgan «Damas» rusumli taksi avtomashinasida B. Safarov ham bor edi.

M. Nishonova:

– O`zini «Baxtiyor Safarov» deb tanishtirgan erkakka nima sababdan Jarqo`rg`on tumaniga ketayotganimni aytib berdim. Unga ismimni «Ra`no» dedim. Qo`qondan, Jarqo`rg`onga erkak va ayollar kiyim-kechagi, pleer, tyuner va boshqa shu kabi tovarlarni sotish uchun olib kelganimni, soliq idorasi xodimlari jarimaga solgani uchun bir tanishimdan pul olib turish uchun ketayotganimni gapirib berdim. Soliq idorasiga 2 000 000 to`lasam, turmush o`rtog`im va tovarlarni olib chiqib ketishim mumkinligini aytdim. «Damas»dagilar suhbatimizni eshitishdi. B. Safarov menga yordam berishini aytib, ustama haq evaziga 2 million so`m berib turadigan bo`ldi.

B. Safarov pulni olib chiqqach, M. Nishonova garov tariqasida oddiy sariq metaldan yasalgan bo`yin taqinchog`i, bir dona bilakuzuk va bir juft zirakni berib, ular tilladan ishlanganiga ishontiradi. So`ng taksiga o`tirib, Sho`rchi tumanidagi bozorga boradi. U erda o`ziga ayollar ro`molini sotib olib, poytaxtga yo`l oladi.

Malika Nishonova B. Safarovdan olgan pullarni o`z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Sudda qilgan ishidan qattiq pushaymonligini aytib, undirilgan zararni to`liq qoplashga va`da bergan.

B. Safarov garovda qoldirilgan taqinchoqlarni zargarlik do`koniga olib borib tekshirtiradi. Taqinchoqlar oddiy metaldan ishlanganini bilgach, chuv tushganini bilib, ichki ishlar bo`limiga murojaat qilgan.

Hukm o`qildi

Sudlanuvchi Malika Nishonova JKning 168-moddasi, 3-qismi, «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi JKning 60-61-moddalariga asosan, jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 5 apreldagi hukmi bilan tayinlangan jazolar mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qo`shilib, sudlanuvchi Malika Nishonovaga eng kam oylik ish haqining 160 baravari – 18 million 944 000 so`m jarima va 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazositayinlandi.

Sudlanuvchi M. Nishonovadan da`vogar B. Safarov foydasiga 2 075 000 so`m undirilishi belgilandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati hamda jinoyat ishlari bo`yicha Qiziriq tuman sudi raisi Baxtiyor Mamadaminov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1