AsosiyMadaniyat

​«Rossiya-Kultura» telekanali O`zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish ishlarini boshlab yubordi

'​«Rossiya-Kultura» telekanali O`zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish ishlarini boshlab yubordi 'ning rasmi

«Rossiya-Kultura» telekanali O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi va O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda “O`zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” deb nomlangan 4-qismdan iborat hujjatli filmni suratga oladi.

Filmlarda Buyuk Hind va Ipak yo`llari tarixi va O`zbekiston hududida rivojlanib kelgan sivilizasiyalar, tinchlik va birodarlikda 130dan ortiq millatlar vakillari yashab kelayotgan qadimiy mamlakatning bag`rikengligi, o`zbek milliy san`ati, ilm-fani, me`morchiligi, milliy taomlari va pazandachilik an`analari haqida so`z yuritiladi.

Filmlar O`zbekistonning qadim davrdan boshlab to bugungi kunga qadar bo`lgan madaniy va tarixiy rivojlanishining asosiy jihatlarini qamrab olishi kutilmoqda.

“Biz rossiyalik teletomoshabinga O`zbekiston to`g`risida sevgi haqida qadimgi xalq afsonalari: o`z yurtiga muhabbat, san`at va ilm-fanga mehr-muhabbat, buyuk sarkardalar, jangchilar sevgisi, insoniy his-tuyg`ularning buyuk tarixlari orqali so`zlab bermoqchimiz, zero ularsiz o`zbek xalqi shunday ajoyib me`moriy, she`riy, musiqiy namunalarni yaratmagan hamda O`zbekiston madaniy merosi tushunchasi shakllanmagan bo`lar edi”, - ta`kidlab o`tdi hujjatli filmning muallifi va prodyuseri Firdavs Abduholiqov.

Hujjatli filmlarni yaratishda O`zbekistonning etakchi arxitektorlari, tarixchilari, diniy muassasalari rahbarlari, o`lkashunoslari, ilm-fan va madaniyat arboblari, taniqli oshpazlari qatnashadi.

Hujjatli film ssenariysi muallifi Tatyana Basovaning ta`kidlashicha, «Rossiya-Kultura» telekanali va O`EOAVMA hamkorligi «O`zbekiston: qo`lga kiritilgan kashfiyotlar» filmidan boshlangan bo`lib, u bir yil avval ekranlarga chiqarilgan edi.

25 yil ichida O`zbekiston to`g`risida birinchi bor suratga olingan film kanalimizda yaratildi. Ta`kidlab o`tishim kerak, bu rossiyaliklarning nazari va ularning yangi O`zbekistonni XXI asr voqeligida ko`rishligi bo`lgan. Film yuqori reytingga ega bo`lib, teletomoshabinlarimizda katta qiziqish uyg`otdi. Aynan shuning uchun biz ishni davom ettirishga qaror qildik”.

Bugungi kunda bu O`EOAVMAning Rossiya telekanallari bilan birgalikdagi beshinchi loyihasi hisoblanadi. Bundan avval «O`zbekiston – qumliklar javohiri», «Qoraqalpog`iston – vaqt qumlari oralab», «O`zbekiston: qo`lga kiritilgan kashfiyotlar», «Nukus. Noma`lum kolleksiya» filmlari yaratilgan edi.

Boshqa yangiliklar