Toshkentning Sirg`ali tumanida «engil metro» (tramvay yoki bir relsli liniya) quriladi. Bu haqda Sirg`ali tumani hokimi Furqat Maqsudxo`jaevga tayanib Podrobno.uz xabar berdi.
Nashrning eslatishicha, ushbu tumanda metropolitenning yangi tarmog`ini qurish ishlari bir necha yildan buyon rejalashtirilmoqda. Avvalroq Sirg`alida metro qurish muhandislik-geologik sharoitlar tufayli mumkin emasligi ma`lum bo`lgan edi. Shu tufayli loyiha «engil metro» tizimi bo`yicha tezyurar elektr transporti liniyasini qurish foydasiga qayta ko`rib chiqildi.
Furqat Maqsudxo`jaevning aytishicha, o`tgan haftada ushbu loyiha ekspertlar bilan muhokama qilingan va yaqin orada bu masalani ko`tarish rejalashtirilmoqda. «Hozircha natijalar haqida gapirishga erta, ammo biz tuman infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy yondashmoqchimiz», — dedi u.
Ma`lumot uchun: engil metro — barcha yo`llari avtomobil yo`llaridan to`liq ajratilgan va bekatlarga ega bo`lgan, ko`cha doirasidan tashqaridagi er ustidagi transport turi.





