1

18 ming so`m «non puli»ni olish uchun ma`lumotnomaga 46 ming so`m to`lanadimi?

Jamiyat 01.11.2018, 19:21
18 ming so`m «non puli»ni olish uchun ma`lumotnomaga 46 ming so`m to`lanadimi?

O`zbekistonda non narxining o`zgarishi tufayli kam ta`minlangan, nogironligi bo`lgan, boquvchisini yo`qotgan, 2 yoshgacha bola parvarishidagi nafaqa oluvchi, moddiy yordam oluvchi ehtiyojmand fuqarolarga eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida kompensasiya pulini (hozirgi kunda 18 ming 430 so`m) davlat byudjetidan to`lab berish yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Ana shunday puldan umidvor bo`lgan Olmazor tumani «Gulzor» mahallasida yashovchi eshitish va gapirishida nuqsoni bo`lgan bir guruh fuqarolar ma`lumotnoma to`g`rilamoqchi bo`lib, mahalla oqsoqolidan yo`l-yo`riq so`ragan. Ular ma`lumotnoma berish vakolatiga kirmasligini aytib, ularni davlat xizmatlari agentligiga yuboradi.

U erda esa bunday ma`lumotni olish uchun 46 ming so`m to`lash kerakligi bu fuqarolarni ajablantiradi. 18 ming so`m olish uchun 46 ming to`lash qaysi mantiqqa sig`adi?

Mazkur murojaatni xolis o`rganish maqsadida Olmazor tumani davlat xizmatlari agentligiga borib, xizmatlar narxini o`rganildi, mutaxassislar bilan suhbatlashildi.

— Ishonmasligingiz mumkin, lekin har kuni bir necha fuqaro kelib janjal qiladi, — deydi bosh mutaxassis Mirodil Obidov. — Bizda xizmatlar pulli. Tashkilotlar esa bilib-bilmay bizga yuboradi. Misol uchun, maktabdan shu erda yashaydigan degan ma`lumotnoma so`rab kelishadi. Aslida biz ham ma`lumotnoma beramiz, lekin u boshqaroq. Masalan, qachonki pasport yo`qolsa, uni tiklash uchun pasport stoliga shu fuqaro haqiqatdan ham ko`rsatilgan joyda turganmi-yo`qmi, shuni tasdiqlash kerak bo`ladi. Bu kabi davlat xizmati ko`rsatganimiz uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yig`im undiramiz. Misol uchun, ariza beruvchilar elektron raqamli imzo olishi va unga 12.901 so`m to`lashi kerak. Manzil ma`lumot uchun esa 18.400 so`m to`lanadi. Lekin 46 ming so`m degan gap noto`g`ri.

Mahalla ma`lumotnoma bermaydi. Ular noto`g`ri talqin qilib, xalqni ovora qilmoqda. Axir joriy yilning 3 oktyabrida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarorida 15-oktyabrdan davlat va xo`jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari ko`rsatishda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining bir qator tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilish bo`yicha tartibi bekor qilingan edi. Shaxsning yashash joyi bo`yicha yashayotgani, ishsizligi, bolani, yolg`iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganlik haqidagi shular sirasidan.

Agentlik xodimlarining javoblaridan ko`ngli u qadar to`lmagan shikoyatchilar bilan Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga kirib borildi. Shu o`rinda qayd etish kerakki, bu vaqtga kelib, voqealar biroz oydinlashganday bo`ldi. Biroq, kompensasiya puli olish uchun ma`lumotnoma nega kerak? Pensiya berayotgan tashkilot uni avtomatik tarzda qo`shib yuboradi-ku, degan fikrga shikoyatchilar «inspektorimiz agar yashash joyingdan ma`lumotnoma to`g`rilab kelsangiz, sizga ana shu pulni olib beraman», degandi deb turib olishdi.

Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi direktor o`rinbosari Marat Esirboev tumandagi 9 ming 500 nafardan ko`proq odamga 1 oktyabrdan «non puli» avtomatik tarzda o`tkazib berilgani, buning uchun hech qanday ma`lumotnoma kerak bo`lmaganini qayd etdi.

Unda inspektor nima uchun shuncha insonni ovora qilib, bekor bo`lib ketgan ma`lumotnoma so`rab, umidlantiradi. Bu insonlar qancha hujjat tayyorlab, sarson bo`lib yuribdi-ku, degan so`zlarimizga javoban shikoyatchilarning pasportlarini so`radi. Bazadan ularning pensiyasi qanchaligi va «non puli» berilgan yoki berilmaganini tekshirib ko`rish uchun.

— Mana Nabieva Xolida bolalikdan nogiron bo`lgani uchun 18 ming so`mdan ko`proq summa avtomatik tarzda pensiyasiga qo`shib berilgan,— deydi M. Esirboev. — «Non puli» hammaga ham berilmaydi. U 360 ming so`mdan kam nafaqa oluvchilarga beriladi. Ya`ni ish staji bo`lmagan, bolalikdan nogiron bo`lgan shaxslar bunday imtiyozga ega. To`g`ri, oralaringizda 360-365 ming so`m pensiya oladiganlar bor ekan. Biroq sizlar ikkinchi guruh nogironi bo`lsalaringiz-da, ish staji bilan pensiyaga chiqqaningiz uchun bu puldan foydalana olmaysiz.

Xullas, bir-birini tushunmagan yoki o`z ishiga loqayd insonlarni deb, eshitish va so`zlashda nuqsoni bo`lgan o`nlab nogironlar ovora-yu sarson bo`ldi. Behuda yumushlar uchun vaqtini yo`qotdi.

Pensiya jamg`armasiga kelgan davlat xizmatlari agentligi vakillari keraksiz ma`lumotnomalarni deb fuqarolarni sarson qilishga chek qo`yish vaqti kelganini qayd etdi.

— Yaqinda bir ayol onasi 29 sentyabr kuni olamdan o`tgani haqidagi guvohnomani olib kelibdi, — deydi ulardan biri. — «O`lguniga qadar mazkur tumandagi tegishli manzilda yashagani haqida ma`lumotnoma kerak, sizlar berasizlarmi?» deb so`radi. Bu ayol onasining o`limidan keyin berilishi kerak bo`lgan ikki oylik nafaqani olish uchun bunday qog`oz kerak ekanini aytdi. Bu qanaqasi? qo`lidagi o`lim guvohnomasini o`zi etarli-ku. Biz bunday ma`lumotnoma bermasligimiz, xizmatlarimiz pulli ekani haqida aytsak, eshitmaydi, asabiylashadi. Shunga o`xshagan voqealar ko`p.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1