Islom Karimov fondi O`zbekistonning Birinchi prezidenti rafiqasining xotiralarini e`lon qildi.
Tatyana Karimova Islom Karimovning bolaligi urush va urushdan keyingi og`ir damlarga to`g`ri kelgani haqida yozdi:
"Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma`lum. Ularning ham oilalari ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Karimov maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edilar, ammo bukilmas iroda, qat`iyat va sobitqadamlik bois rus maktabini oltin medalga bitirdilar. U kishi yozgan insholar namuna o`laroq butun sinfga o`qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Karimovning insholaridan oliy o`quv yurtiga kirish imtihonida "shpargalka" sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga etgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O`sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo`q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to`kilgan ona zaminga mustaqil O`zbekistonning Birinchi Prezidenti bo`lib manguga qaytdilar.
Sinfdoshlaridan biri Islom Abdug`anievichning shaxsiy maslagini yorqin namoyon etuvchi, maktab yillariga doir bir voqeani xotirlagan edi. Yozgi meva yig`im-terimi payti yoshi ulug` bir kishi bolalardan kelajakda kim bo`lishlari haqida so`raydi. Ko`pchilik uchuvchi, tokar kabi kasblarni egallash istagini bildiradi. Islom Karimovning javobi esa bolalarni ham, kattalarni ham hayron qoldiradi: "Men Amir Temurga o`xshasam deyman!".
Maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji – o`z jonidan kechgan, yuragini mash`al kabi yoqib xalqni qutqarib qolgan Danko Islom Karimovning eng sevimli adabiy qahramoni bo`lgan. Uning "Otash kabi yonib, o`zgalar yo`lini yorit!" degan shiori yosh Islom Karimovning yuragida muhrlanib qolgan".