1

Dzyudochilarimiz Toshkent Gran-Prisining ilk kunida uchta medalga ega chiqishdi

Sport 09.11.2018, 21:08
Dzyudochilarimiz Toshkent Gran-Prisining ilk kunida uchta medalga ega chiqishdi

Poytaxtimizda dzyudo bo`yicha nufuzli Gran-Pri musobaqasi start oldi. Bugun o`tkazilgan bahslarda uch nafar hamyurtimiz sovrindorlar qatoridan o`rin oldi.

-60 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Diyorbek O`rozboev turnir davomida Eron, Germaniya va Mo`g`uliston vakillarini mag`lubiyatga uchratib, finalga yo`l oldi. Hal qiluvchi jangda u boshqa bir mo`g`ulistonlik sportchi Boldbaatar Ganbatga qarshi bahs olib bordi va imkoniyatni boy berib qo`ydi. Shu tariqa, hamyurtimiz Toshkent Gran-Prisining kumush medali bilan kifoyalandi. Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli musobaqaga ayni paytda Toshkentda bo`lib turgan Xalqaro havaskor boks assosiasiyasi (AIBA) prezidenti G`ofur Rahimov ham tashrif buyurdi va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Shuningdek, -66 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Sardor Nurillaev finalga qadar Qirg`iziston, Rossiya, Mo`g`uliston, Ozarbayjon vakillaridan ustun keldi va hal qiluvchi bahsga etib bordi. Oltin medal uchun kechgan jangda hamyurtimiz sloveniyalik Adrian Kombokka qarshi tatamiga chiqib, mag`lubiyatga uchradi va kumush medalga sazovor bo`ldi.

Ushbu vaznda janglarda ishtirok etgan boshqa bir hamyurtimiz Shahram Ahadov Isroil, Serbiya vakillarini mag`lubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa ozarbayjonlik raqibga imkoniyatni boy berib qo`ydi. Bronza medali uchun janglarda u Mo`g`uliston va Rossiya terma jamoasi vakillaridan ustun kelib, Toshkent Gran-Prisi sovrindoriga aylandi.

Shu tariqa, o`zbekistonlik dzyudochilar musobaqaning birinchi kunida 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo`lga kiritishdi.

Ertaga Toshkent Gran-Prisida erkaklar o`rtasida -73 kg, -81 kg, ayollar o`rtasida esa -63 kg va -70 kg vazn toifalarida bahslar o`tkaziladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1