AsosiyJamiyat

Mamlakatimiz ilm-fani og`ir judolikka uchradi

Mamlakatimiz ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Fizika, materialshunoslik va yuqori temperaturali quyosh uskunalari sohasidagi yirik olim, texnika fanlari doktori, professor, davlat va jamoat arbobi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi To`xtapo`lat Risqiev 70 yoshida vafot etdi.
T.Risqiev 1944 yilda Toshkent shahrida tug`ildi. 1970 yili Toshkent davlat universitetini tugatib, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1975 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1995 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.
T.Risqiev O`zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari, O`zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifalarida samarali mehnat qildi.
Jonkuyar va fidoyi olim o`zining qariyb 45 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, institut direktorining ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi kabi lavozimlarda ishladi. Fizika-materialshunoslik sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, ilm-fanning mazkur yo`nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga katta hissa qo`shdi.
Atoqli olim o`z shogirdlari bilan birgalikda O`zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish majmualarini rivojlantirish muammolarini ilmiy tadqiq etishga salmoqli hissa qo`shdi. Uning fizika va materialshunoslikning nazariy hamda amaliy masalalariga bag`ishlab yozgan maqola va risolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum. 
Zahmatkash olim o`z faoliyati davomida jonkuyar ustoz sifatida yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi.
Yirik olim, davlat va jamoat arbobi, mehribon ustoz, kamtarin inson To`xtapo`lat Risqievning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar