AsosiyJamiyat

Inha universiteti tayyorlov kurslarini ochdi

Toshkentdagi Inha universiteti (IUT) abiturientlar uchun tayyorlov kurslari ochilganini e`lon qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

OTM saytida aytilishicha, kurslarning maqsadi lisey va kollej o`quvchilarini IUT’ning ta`lim imkoniyatlari bilan tanishtirish hamda ular OTMga qabul qilingan taqdirda adaptasiya jarayoniga yordam berishdan iborat.

Ta`lim dasturidan matematika, fizika (majburiy kurslar), ingliz va koreys tillari (tanlab olinadi) o`rin olgan.

Kurs yakunida talabalar sertifikatga ega bo`ladi. Yakuniy test natijalariga ko`ra matematika va fizikadan 60 va undan yuqori ball to`plaganlar kirish imtihonlaridan ozod etiladi.

Ingliz tilidan 60 balldan yuqori olgan talabalar universitetga kirishda IELTS yoki TOEFL bo`yicha imtihon topshirishi shart bo`lmaydi. Yakuniy testlar Inha universiteti tomonidan nazorat qilinadi.

Kurslarda o`qimoqchi bo`lganlar 27 oktyabrgacha ro`yxatdan o`tishi mumkin. Noyabr boshida testlar o`tkaziladi. Undan muvaffaqiyatli o`tgan yoshlar dekabrda o`qishni boshlashi mumkin. Kurslar keyingi yilning iyuniga qadar davom etadi. Matematika va fizika bo`yicha kurslar narxi 1300 dollar (har bir fan uchun 650 dollardan), ingliz (koreys) tili bo`yicha esa — 400 dollar. To`lov so`mda qabul qilinadi.

Tayyorlov kurslarida qatnashish uchun abiturientlardan lisey yoki kollejda o`qishi yoki ularni bitirganlik haqida ma`lumotnoma yoki attestat talab etiladi.

    Boshqa yangiliklar