Bir necha kundan buyon O`zbekistondagi mobil aloqa foydalanuvchilariga spam-xabar kelmoqda, deb yozadi Uz24.uz. Unda bananni emaslik, meva Ebola virusini tarqatishi haqida ogohlantiriladi.
Spam-xabarning mazmuniga ko`ra, banan mevasini iste`mol qilish xavfli va hozirda ularni emagan ma`qul. Go`yo Moskvada ushbu meva tarkibida zararli moddalar aniqlangan. Hamda Ebola virusi banan etishtiriladigan Afrika mamlakatlarida izdan chiqqanligi eslatib o`tiladi.
Nashr O`zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi bilan bog`lanib, masalaga aniqlik kiritdi. Boshqarma boshlig`i Komil Muhammedovning ma`lum qilishicha, O`zbekistonga Afrika mamlakatlaridan iste`mol mahsulotlari olib kelinmaydi. «Xorijdan mahsulotlarni olib kirishning barcha jarayonlari qat`iy nazorat qilinadi», — dedi u.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, bunday xavotirga o`rin yo`q. «Virus Afrikadan keltiriladigan iste`mol mahsulotlari orqali o`tishi mumkin emas. Aynan banan orqali virus yuqishi mumkin, lekin virus bizgacha etib kelguncha halok bo`ladi. Bundan tashqari, hech kim tishlangan bananni sotib olmaydi-ku», — deb qayd etdi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi V.Maleev intervyularining birida.
Eslatib o`tish lozimki, Ebola virusi 2014 yilning mart oyida G`arbiy Afrikada qayd etilgan. Ayni vaqtda Afrika hududlarida virusdan halok bo`lganlar soni bir necha mingdan oshgan.





