AsosiyJamiyat

Joriy yilda O`zbekistonda OITSga qarshi qaratilgan 7000 dan ortiq tadbir o`tkazildi

O`zbekiston OITSga qarshi global kurashda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan 7000 dan ortiq tadbir o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.

Ushbu illatning tarqalish yo`llari va uning oldini olish haqida ma`lumotlar taqdim etilgan turli uslubiy materiallar, bukletlar, qo`llanmalar chop etilib, o`quv muassasalari, tashkilotlar va jamoat joylarida tarqatildi.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati loyihalarini amalga oshirishda faollik ko`rsatayotganlar orasida o`rta maxsus ta`lim muassasalari o`quvchilari ham ko`pchilikni tashkil etadi.

Poytaxt yoshlari o`rtasida OIV/OITSning oldini olishda Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi muhim o`rin tutmoqda. O`tgan o`quv yilida boshqarma xodimlari tomonidan OIV/OITS, giyohvandlik va boshqa zararli odatlarga qarshi kurashga qaratilgan va poytaxtning barcha umumta`lim muassasalarida amalga oshirilayotgan dasturning barcha bandlari atroflicha ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq 7—9-sinf o`quvchilari va ularning ota-onalari uchun «OIV infeksiyasi va uni yuqtirish yo`llari haqida nimalar bilasiz?» mavzusida seminarlar, o`quv mashg`ulotlari, aksiyalar va shifokorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. 4—7-sinf o`quvchilari o`rtasida «Biz OITSga qarshimiz» shiori ostida aksiya o`tkazildi.

Maktab o`qituvchilari uchun esa o`qitish jarayonida sog`lom turmush tarzi tamoyillarini joriy etishga bag`ishlangan treninglar tashkil etildi.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi tomonidan o`tkazib kelinayotgan bunday kompleks tadbirlar yosh avlodni xavfli infeksiyani yuqtirishdan asrash, ularda sog`lom turmush tarzini shakllantirish va porloq kelajagini ta`minlash imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar