Davlat soliq qo`mitasi tomonidan Soliq kodeksining ayrim moddalariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi. Unga ko`ra, Kodeksning 179-moddasi “paxta yig`im-terimi bo`yicha qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilinadigan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari” degan mazmundagi 33-band bilan to`ldirilib, jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari tarkibiga qo`shimcha kiritildi.
Eslatib o`tish joizki, bunga qadar O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 181-moddasiga muvofiq, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan vaqtinchalik qishloq xo`jaligi ishlariga, jumladan, paxta xom-ashyosini yig`ib-terib olish bo`yicha mavsumiy qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilinadigan xodimlarni ushbu ishlarni bajarishdan olgan daromadlari belgilangan eng kam stavka bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`iga tortilgan.
Ta`kidlash kerak, 2012 yil 22 oktyabrda “O`zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident Farmoni qabul qilingan. Mazkur Farmon bilan “Fermer xo`jaliklarining iqtisodiy mustaqilligi va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga yo`naltirilgan fermerlikni rivojlantirishning me`yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar” dasturi tasdiqlandi. Unda ushbu sohani yanada rivojlantirish borasida 27 ta yo`nalishdan iborat dolzarb vazifalar belgilandi.
Dasturning 22-bandida O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga paxta xom-ashyosini yig`ib-terib olish bo`yicha mavsumiy qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilinadigan xodimlarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i to`lashdan ozod etishni nazarda tutadigan qo`shimchalar kiritish belgilab berildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi davlat soliq qo`mitasi sayti xabar beradi.





