18 oktyabr kuni “Rossiya 1” telekanali orqali “O`zbekiston. Qumliklar marvaridi” nomli hujjatli film namoyish etildi. O`zbekiston haqida so`zlovchi ushbu yangi hujjatli filmni 180 milliondan ziyod tomoshabinlar tomosha qildi.
Film bosh prodyusser Saida Medvedeva rahbarligidagi “Masterskaya” kinokompaniyasining mualliflik ishidir. Ijodiy izlanishlar Toshkentdan boshlanib, Samarqand, Buxoro va Xivada davom etdi. Rossiyalik rejissyorlarga O`zbekiston elektron OAVlari Milliy assosiasiyasi a`zolari – hududiy telekompaniya vakillari ham hamrohlik qildi.
Suratga olish guruhi ko`p asrlik shoyi milliy matosining salqinligi, mashhur Samarqand qog`ozining umrboqiyligi, palovning betakror ta`mi hamda o`zbek nonlarining yoqimli hidi bilan bog`liq bir necha asrlik sirlarni bilib olishga muyassar bo`ldi.
Mazkur hujjatli filmda o`rta asrlar Sharqining mashhur olim va faylasuflari qoldirgan ijodiy merosining hozirgi zamon sivilizasiyasi tarixida tutgan roli va o`rnini yoritishga alohida urg`u berilgan.
Shu bilan birgalikda, mualliflar O`zbekistonda bugungi kunda o`z bilim va iste`dodiga ega yangi avlod shakllanayotgani, ularga bu erda alohida e`tibor qaratilib, qo`llab-quvvatlanayotgani hamda imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta`kidladi.
“O`zbekiston. Qumliklar marvaridi” hujjatli filmi bir vaqtning o`zida Russia.tv. saytida ham translyasiya qilindi.
“InfoCOM.UZ” jurnali tahririyati yozishicha, filmning muvaffaqiyati har tomondan eng zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanganligi bilan bog`liqdir. Masalan, filmda qush parvozi balandligidagi panorama kadrlar radioboshqaruvli dron (multikopter) yordamida suratga olingan. Filmni suratga olish ishlarida qatnashgan o`zbekistonlik ijodkor taqdim etgan suratlardan ish jarayonida uchuvchisiz uchadigan apparat qo`llanilganini ham ko`rish mumkin.





