Bu haqdagi bitim Bryussel shahrida bo`lib o`tgan “O`zbekiston – Evropa Ittifoqi“ Hamkorlik kengashining 14-yig`ilishida ishtirok etgan Adliya vazirining birinchi o`rinbosari N. Jo`raev hamda Markaziy Osiyo va EI hamkorligini rivojlantirish departamenti direktori Per Amilxat o`rtasida imzolandi.
Besh yilga mo`ljallangan grant bitimi davlat xizmatlari ko`rsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan qator tadbirlarni moliyalashtirishni ko`zda tutadi. Xususan, loyihada Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy bo`linmalari va Davlat xizmatlari markazlarini texnik jihatdan jihozlash, jumladan, server, kompyuter, tarmoq, telekommunikasiya uskunalari, elektron navbat tizimi va videokuzatuv moslamalarini xarid qilish ham ko`zda tutilgan.
Shuningdek, beshta tajriba hududi – Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida davlat xizmatlari sifati va tezkorligini yaxshilash bo`yicha loyihalarni amalga oshirish, ularda innovasiya g`oyalari va ishlanmalari markazlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Grant doirasida ixtisoslashgan davlat xizmatlari veb-portali, mutasaddi organlar va davlat xizmatlari markazlari o`rtasida axborot almashish, mobil ilovalar orqali onlayn tarzda davlat xizmatlari ko`rsatish uchun integrasiyalashgan ma`lumotlar bazasi tashkil qilish ko`zda tutilmoqda.
Innovasion texnologiyalarni joriy etish doirasida mazkur bitim blokcheyn-texnologiyalari, Davlat xizmatlari markazlari xodimlari faoliyati samaradorligini rejalashtirish va baholashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi xodimlarining xorijiy ta`lim muassasalarida malakasini oshirish bo`yicha ham hamkorlikda qator ishlar amalga oshiriladi.