AsosiyShou-biznes

Yangi ko`rgazma ish boshladi

O`zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod memorial bog`-muzeyida Sog`lom bola yiliga bag`ishlangan “Mo``jaz san`atning sehrli olami” deb nomlangan badiiy ko`rgazma ochildi, deya xabar beradi O`zA.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda tasviriy san`atni rivojlantirish, bu boradagi umrboqiy an`analarni davom ettirish va yosh iste`dod egalarini rag`batlantirishga qaratilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Ko`rgazmada miniatyurachi rassomlar Bahodir, Behzod va Sherzod Hojimetovlarning asarlari namoyish etilmoqda.
Ushbu rassomlar ijodi serqirraligi hamda o`zgacha nafosati bilan e`tiborni tortadi. Ona yurtimizning betakror manzaralari, asrlar osha etib kelgan milliy qadriyatlarimiz, zamondoshlarimiz va ajdodlarimiz siymolari o`ziga xos tarzda qog`oz, panno, lagan, quticha, tomoshaqovoq, lokli metall hamda terida mahorat bilan ifodalangan.
Ko`rgazmadan o`rin olgan saksonga yaqin asar orasida “'Mirzo Ulug`bek”, “Sharqona to`y”, “Bobur” kabi asarlar o`zining nafis va yorqinrang chizgilari, kompozision jozibasi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda.
– Mamlakatimizda yurtdoshlarimizning bilim olishi, o`z qiziqish va layoqati bo`yicha kasb-hunar egallashi, ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishi, mehnat qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi O`zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a`zosi Bahodir Hojimetov. – Ushbu ko`rgazmada zamondoshlarimizga diyorimizning o`tmishi, betakror tabiati, xalqimizning noyob qadriyatlarini tasviriy san`at orqali tanishtirish asosiy maqsadimizdir.

    Boshqa yangiliklar