Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo`nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta`lim tizimini yaratish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda talaba yoshlarning faol ishtirokini ta`minlash masalasi har qachongidan ham dolzarblik kasb etib kelyapti.
Mazkur jihatlarni hisobga olgan holda oliy ta`lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektorlari uchun tashkil etilgan o`quv-seminarning 2-kuni ham foydali va qiziqarli ma`ruzalarga, qizg`in bahs-munozaralar, savol-javoblar a turli muhokamalarga boy bo`ldi.
O`quv-seminarda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev so`zga chiqib, “O`zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich tashkilotlari kengashi, etakchilari, fakultet va guruh etakchilari faoliyatini samarali tashkil etish” mavzuida ma`ruza qildi.
- Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektorlarning o`ng qo`li – bu etakchi. Prorektor fakul`tet, guruh etakchilarining faoliyatini qo`llab-quvvatlab, bir jamoa bo`lib, yaxshi ma`noda, ularni qattiq ishlata olsa, bu mehnatlarning samarasi tez ko`zga ko`rinadi. Biz endilikda universitetdagi boshlang`ich tashkilotlarning reytingini belgilash mexanizmini ishlab chiqmoqchimiz. Bu etakchilarning faoliyatini samarali tashkil etishga yaxshi ta`sir ko`rsatadi, shuningdek, muassasa rahbariyati tomonidan boshlang`ich tashkilotga berilayotgan ko`mak va qo`llab-quvvatlashning ham ma`lum ma`nodagi mezoni bo`ladi, – dedi u o`z nutqida.
Tinglovchilar mavzu doirasida o`z fikrlarini, takliflarini bildirishdi.
- Mening fikrimcha, universitet boshlang`ich tashkilotlari iqtisodiy erkin, o`z mablag`iga ega bo`lishi kerak. Chunki faqat debat, dilemmalar bilan cheklanib qolish mumkin emas. Hisobida mablag`i bor boshlang`ich tashkiloti katta loyihalarga qo`rqmasdan qo`l ura oladi, – dedi Islom Karimov nomidagi Texnika universiteti prorektori.
Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov esa o`z ma`ruzasida oliy ta`lim tizimiga “ustoz – shogird” amaliyotini joriy etish masalasiga to`xtalib o`tdi.
- Otto fon Bismark aytgan ekan, “Kimki, bugun maktab qurishga pulni tejasa, ertaga turmalarni quradi”. Albatta, bu so`zlarning tub mohiyati ta`lim-tarbiyani kuchaytirishga qaratilgan. Bugungi kunda professor o`qituvchilarning borligi bu universitetning boyligi. Ular oltin to`la sandiq. Xuddi shunday ustozlardan bilim olayotgan shogird ularning hayotiy tajribasini ham o`rganib borgan holda, nafaqat ta`lim oladi, tarbiyalanadi ham. “Ustoz-shogird” an`anasi universitetlarimizda qaysidir ma`noda saqlangan. Endi esa “ustoz-shogird” amaliyotini joriy etishni tezlashtirish kerak, – dedi u o`z so`zida.
Seminarda Oliy ta`lim muassasalarida internet maydonlari, wi-fi zonalarini tashkil etishning samarali usullari hamda ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik masalalari xususida ham alohida fikrlar ilgari surildi.
So`ngra talabalarning OTM hududida telefon orqali internetdan foydalanishiga ruxsat berish kerakmi, degan savol o`rtaga tashlandi.
Har bir prorektor bu savolga shaxsiy javobini, fikrlarini bildirdi.
Seminar davomida tinglovchilar o`z vazifalarining mamlakatimiz taqdiri, uning jadal taraqqiyoti uchun qay darajada ahamiyatli ekanligini tushunib bormoqdalar.
O`quv-seminar o`z ishini ertaga yakunlaydi.
Go`zal Oxunova






