AsosiyJamiyat

Prezident NKMK va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan bayram tabrigini yo`lladi

'Prezident NKMK va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan bayram tabrigini yo`lladi'ning rasmi

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yillik tantanalari keng nishonlanmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18 oktyabrdagi “Navoiy shahri va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tashkil topganligining 60 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qarori asosida viloyatda turli xalqaro anjuman va tadbirlar o`tkazilmoqda.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi viloyat er osti va er usti tabiiy boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Viloyat markazi esa yurtimizning navqiron va go`zal shaharlaridan biridir. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan viloyatda kon-metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanmoqda.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tarixi 1958 yil Qizilqum mintaqasida qimmatbaho metallarni qazib olish uchun mo`ljallangan kombinat qurilishi bilan bog`liq. Hududning er osti boyliklarini aniqlashda mashhur olim, akademik Habib Abdullaevning ilmiy izlanishlari muhim ahamiyatga ega. Xalqimizning otashqalb farzandi Sharof Rashidovning Zarafshon vohasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatini tashkil etish, bepoyon sahro bag`rida Navoiy, Zarafshon, Uchquduq singari ko`rkam shaharlarga asos solinishidagi fidoyiligi tufayli ular bugun mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Mustaqilligimiz sharofati bilan kombinat o`tgan tarixan qisqa, ammo zalvorli davrda o`zining ishlab chiqarish quvvatlarini yil sayin oshirib, katta marralarga erishmoqda.

11-faqat saytga.JPG

16-faqat saytga.JPG

Yubiley munosabati bilan Navoiy davlat konchilik institutida “Kon-metallurgiya majmuasini innovasion rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro anjuman bo`lib o`tdi. Unda yurtimiz olimlari bilan birga, Rossiya, Germaniya, Kanada, Ukraina, Qozog`iston va Qirg`izistondan kelgan kon-metallurgiya sohasining etuk mutaxassislari ishtirok etdi.

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etilgan yubiley tadbirida Prezidentimizning “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan yo`llagan bayram tabrigini O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o`qib eshittirdi, deb yozmoqda O`zA.

Prezidentimizning "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg`orlari va jamoatchilik faollaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida"gi farmoniga muvofiq faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan bir guruh konchilik sanoati vakillariga mukofotlar topshirildi.

"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi I.Rahmatov "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi.

– Kombinatda kadrlar siyosatining bosh strategiyasi – etuk mutaxassislar tayyorlash, ularning zaxirasini tashkil etish, malakasini va amaliy mahoratini muttasil oshirib borishga alohida e`tibor qaratilayotir, – deydi I.Rahmatov. – Bugungi kunda kombinatda 60 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi. Kombinatning bosh an`anasi – inson omiliga e`tibor qaratish, uni ijtimoiy muhofaza qilish, ishchi-xodimlar turmush sharoitini yaxshilash, ularni sog`lomlashtirish, dam olishi va bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun sharoit yaratishdir. Kombinatda bu borada barcha shart-sharoit mavjud.

Taniqli san`atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o`zgacha shukuh bag`ishladi.

    Boshqa yangiliklar