Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi delegasiya Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo`lib o`tgan Interpol bosh assambleyasining 87-sessiyasida qatnashdi. Bu haqda IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Tadbirda Interpolga a`zo davlatlardan tashrif buyurgan 1000 dan ortiq delegat hamda polisiya organlarining 85 nafar turli darajadagi rahbari qatnashdi.
Bosh Assambleya sessiyasining kun tartibiga qo`yilgan asosiy masalalardan biri Interpol ijroiya qo`mitasiga, prezident lavozimiga saylovlarni o`tkazish bo`ldi.
Ushbu lavozimga Koreya Respublikasi va Rossiya Federasiyasidan nomzodlar ko`rsatilib, ovoz berish natijalariga ko`ra Koreya Respublikasi vakili Kim Chon Yan Interpol ijroiya qo`mitasi prezidenti etib saylandi.
Bosh Assambleya ishtirokchilari kun tartibi loyihasini tasdiqlagach, tadbir o`z faoliyatini boshladi.
O`zbekiston delegasiyasi BAA ichki ishlar vaziri, shayx Saif bin Zaed Al Naxayan, amirliklar IIV bosh inspektori, general-mayor Ahmad Nosir al-Raisi, Interpol bosh kotibi Yurgen Shtok,
Turkiya IIV delegasiyasi rahbari, Ichki ishlar vazirining o`rinbosari Mexmet Ersoy, Malayziya qirollik polisiyasi bosh komissari Tan Sri Dato’Sri Muhammad Fuzi Bin Xarun, Afg`oniston ichki ishlar vazirining xavfsizlik masalalari obo`yicha katta o`rinbosari, general Axtar Muhammad Ibrohimiy bilan ham uchrashdi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
O`zbekiston IIV delegasiyasining Interpol bosh assambleyasining 87-sessiyasidagi ishtiroki yakuni, shuningdek, o`tkazilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar natijalariga ko`ra zarur tavsiyalar ishlab chiqildi va bir qator amaliy takliflar kiritildi.






