Qurolli Kuchlar akademiyasining majlislar zalida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari – Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliev, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari Azizbek Ikromov hamda kengash a`zolari ishtirok etgan yig`ilishda Jamoatchilik kengashining xalq va milliy armiya o`rtasida uzviy bog`liqligi muhokama qilindi, hamfikrlik hamda yakdillikni yanada mustahkamlash bo`yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kengash tomonidan O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Yig`ilish davomida Jamoatchilik kengashi a`zolarining Mudofaa vazirligi rahbariyatiga bo`lgan takliflari tinglandi.

Kengash a`zolari tomonidan Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 27 yilligin munosabati bilan o`tkaziladigan tashkiliy-amaliy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda targ`ibot-tashviqot ishlari rejasi belgilab olindi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, Jamoatchilik kengashining iyul oyida bo`lib o`tgan yig`ilishida Kengash va uning mintaqaviy bo`linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, kam sonli a`zolargina faollik ko`rsatayotgani tanqid qilinib, bunga nisbatan keskin choralar ko`rish taklifi bildirilgan edi.






