AsosiyJamiyat

​Afsonaviy harbiy uchuvchi Aleksandr Xarlamovning 70 yillik yubileyi nishonlandi

'​Afsonaviy harbiy uchuvchi Aleksandr Xarlamovning 70 yillik yubileyi nishonlandi'ning rasmi

O`zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo`yicha Markaziy kengash a`zosi, mohir uchuvchi Aleksandr Xarlamovning 70 yillik yubileyiga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi.

Bayram munosabati bilan Aleksandr Xarlamovni qutlash uchun Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo`yicha Markaziy kengashi hamda «VETERAN» jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi raislari so`zga chiqib, tug`ilgan kun egasini qutlug` yosh bilan tabrikladi. Mehmonlar Aleksandr Xarlamovning hayotiy tajribasi, O`zbekiston Qurolli Kuchlari Harbiy havo kuchlari qo`shinlarini rivojlantirishga qo`shgan hissasini alohida qayd etib o`tdilar.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar esa barcha mehmonlarga birdek manzur bo`ldi.

Tadbir so`ngida yig`ilganlar Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Aleksandr Xarlamovga bag`ishlangan ekspozisiyaning ochilish marosimida ham ishtirok etdilar.

Aleksand Xarlamov 1948 yili Qozog`istonning Zelenova tumanida tug`ilgan. 1966 yilda Sizran oliy harbiy aviasiya bilim yurtini tamomlagan. 1991—1992 yillar davomida Toshkentdagi aviasiya boshqarmasi jangovar tayyorgarlik bo`limi uchuvchisi — katta inspektor sifatida, 2000—2005 yillarda Harbiy havo kuchlari boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari, 2009—2011 yillar davomida «Chirchiq aviasiya ta`mirlash zavodi»da sinovchi-uchuvchi sifatida faoliyat yuritgan. 2015 yildan buyon Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo`shinlari Faxriylar ishlari bo`yicha kengashining raisi hisoblanadi.

Aleksandr Nikolaevich 1999—2000 yillarda aksilterror operasiyalarida murakkab va mas`uliyatli vazifalarni bajargani uchun «Do`stlik» hamda «Shon-sharaf» ordenlari bilan taqdirlangan. U O`zbekiston vertolyot aviasiyasining muvaffaqiyatli qo`llanilishida, ko`plab yosh harbiy uchuvchilarni tayyorlashda ulkan ishlarni amalga oshirgan. Havoda 7400 soatdan ortiq uchgani sabab «Harbiy uchuvchi-snayper» nomini olgan.

    Boshqa yangiliklar