X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali O`zbekiston madaniy-tarixiy merosi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan eng yaxshi roliklar uchun tanlov e`lon qiladi.
Tadbirni o`tkazishdan asosiy maqsad – O`zbekiston madaniy-tarixiy merosi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirish orqali ommaviy axborot vositalari ijodkorlari hamda ijodkorlarni rag`batlantirishdan iborat.
Tanlov 3 ta nominasiya bo`yicha o`tkaziladi:
- “Madaniy-tarixiy O`zbekiston”/«Kulturno-istoricheskiy Uzbekistan»/Must see
- “O`zbekiston - turistik maskani”/«Turisticheskiy Uzbekistan»/ Welcome to Uzbekistan
- “Gastronomik O`zbekiston”/ «Gastronomicheskiy Uzbekistan»/ Taste me
Eng yaxshi asarlarni aniqlash uchun festivalning Ekspert guruhi tashkil etildi. Tanlov natijalariga ko`ra, ekspert guruhi tomonidan har 3 ta nominasiya bo`yicha 3 tadan, jami 9 ta videorolik tanlab olinadi.
Joriy yilning 10 dekabr kuni festival ishtirokchilari hamda mehmonlari ishtirokida hakamlar hay`ati tomonidan jonli ovoz berish orqali g`oliblar aniqlanadi. Tanlovning har 3 ta nominasiya bo`yicha 1-o`rinni qo`lga kiritgan 3 nafar final ishtirokchisi festival gran-prisi - bosh sovrin – “Spark” avtomobili uchun nomzod etib belgilanadi. Hamkamlar tomonidan jonli ovoz berish orqali g`olib deb topilgan ishtirokchiga bosh sovrin beriladi.
Festivalga, shuningdek, xorijiy ishtirokchilarning roliklari ham qo`yiladi. Ekspert guruhi tomonidan eng yaxshi deb topilgan 3 ta rolik onlayn ovoz berish orqali aniqlanadi. Tanlovda g`olib bo`lgan xorijlik ishtirokchi uchun asosiy sovrin – VIP-tur - O`zbekistonning eng ko`p o`rganilmagan, sirli va muqaddas joylariga tashrif buyurish imkoniyati yaratiladi. VIP-tur tashkilotchisi – O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi.
Eng yaxshi roliklar mualliflari X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalining qimmatbaho sovg`alari va esdalik diplomlari bilan taqdirlanishadi.
Tanlovga faqatgina mualliflik hisoblangan, davomiyligi 2 daqiqagacha bo`lgan, o`zbek va rus tillaridagi roliklar qabul qilinadi.

Tanlovda qatnashish istagini bildirganlar o`z ishlarini X.fest.products@gmail.com pochta manziliga bog`lanish shaklida yokiixcham shaklda yuborishlari so`raladi.
Ijodiy ishlar shu yilning 7 dekabriga qadar qabul qilinadi.
Festival O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi hamda YuNESKO tomonidan tashkil etilmoqda.






