AsosiyJamiyat

​Bojxona ko`rigi sariq, qizil, yashil va ko`k yo`laklarda amalga oshiriladi

'​Bojxona ko`rigi sariq, qizil, yashil va ko`k yo`laklarda amalga oshiriladi'ning rasmi

Bojxona ma`murchiligini takomillashtirish va O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko`ra:

  • 2019–2020 yillarda “Yallama” va “S.Najimov” (Toshkent viloyati), “Do`stlik” (Andijon viloyati), “Olot” (Buxoro viloyati);
  • 2020–2021 yillarda “Dout-ota” (Qoraqalpog`iston Respublikasi), “Madaniyat” (Andijon viloyati), “O`zbekiston” (Farg`ona viloyati), “G`ishtko`prik” va “Oybek” (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallari, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi.
  • “Yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni ko`rsatish bojxona terminallaridagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy funksiyalari hisoblanadi.

Farmon bilan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimiga quyidagilar to`liq rejimda joriy etiladi:

2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • “sariq yo`lak”, bunda bojxona deklarasiyasi, hujjatlar va ma`lumotlarni tekshirish bo`yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o`rta ko`rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;
  • “qizil yo`lak”, bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko`rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

2019 yil 1 martdan boshlab:

  • “yashil yo`lak”, bunda xavf darajasi past bo`lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to`g`risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi;
  • “ko`k yo`lak”, bunda xavf darajasi o`rta ko`rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan so`ng amalga oshiriladi.

Farmon bilan bojxona ma`murchiligini takomillashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” hamda chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda bojxona terminallarini qurish tarmoq jadvali tasdiqlandi.

Shuningdek, 2019 yil 1 fevraldan boshlab:

  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari instituti joriy etiladi;
  • “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bojxona postlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish bo`yicha bepul asosda xizmat ko`rsatuvchi shaxslarning maxsus guruhi – “front-ofis” tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo`yicha dastlabki loyiha amalga oshiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab olib kiriladigan tovarlarning bojxona ko`rigi uch oy davomida bojxona ko`rigi prosedurasi videoyozuvi saqlanishini va Davlat bojxona qo`mitasi markaziy apparatining ulanishini ta`minlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina yo`lga qo`yiladi.

Shuningdek, Farmon bilan barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini davlat bojxona organlarida hisobga qo`yish borasidagi talab bekor qilindi.

    Boshqa yangiliklar