Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan beg`araz yordam sifatida ajratilgan “Toyota” rusumli 6 ta zamonaviy reanimobil topshirildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali bosh shifokori Akbar Tilyakovning so`zlariga ko`ra, soha moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat sifatini oshirish yuzasidan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tez tibbiy yordam xizmati avtoparki zamon talablari darajasida yangilanayotir. Jumladan, viloyatimiz tez tibbiy yordam xizmatida shu paytgacha 137 ta avtomashinadan foydalanilgan bo`lsa, keyingi yillardagi islohotlar tufayli transport vositalari 259 taga etdi. Ularning 35 tasi xorijdan keltirilgan zamonaviy reanimobillardir. Ushbu transport vositalarini jihozlash uchun 470 ming dollarlik tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Bugun berilgan zamonaviy reanimobillar esa bemorga tez va samarali tibbiy yordam ko`rsatish uchun barcha sharoit va imkoniyatga ega. Eng so`nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan ta`minlangan.

Shuningdek, tadbirda Bulung`ur, Oqdaryo, Payariq, Narpay tumanlari tibbiyot birlashmalari tez tibbiy yordam bo`limlariga viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan maxsus jihozlangan “Damas” tez yordam mashinalari berildi.

Samarqand viloyatida Prezidentimizning 2018 yil 16 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida shoshilinch tibbiy yordam avtotransport parkini yanada zamonaviylashtirish, tez tibbiy yordam mashinalarini rasiyalar bilan jihozlash va Call-markaz faoliyatini yo`lga qo`yish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko`rilmoqda.
Zamonaviy aloqa vositalari bilan jihozlangan Call-markazni dekabr oyining dastlabki kunlarida ishga tushirish mo`ljallangan.






