AsosiyJamiyat

Markaziy Osiyo forumida O`zbekistondagi kichik daryolar haqida so`z yuritildi

'Markaziy Osiyo forumida O`zbekistondagi kichik daryolar haqida so`z yuritildi'ning rasmi

Qirg`izistonning Bishkek shahrida Maraziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda USAID hamkorligida o`tkazilayotgan Smart Waters (“Suv. Ta`lim. Hamkorlik”) mavzusidagi xalqaro forumda O`zbekiston hududidan oqib o`tuvchi kichiki transchegaraviy daryolar haqida alohida to`xtalib o`tildi.

Ma`lumki, O`zbekiston Markaziy Osiyoning barcha respublikalari bilan chegaradosh bo`lgan yagona mamlakat. Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon singari yirik daryolar qatori bir qator kichik suv inshootlari ham yurtimiz hududidan oqib o`tadi. Ayni paytda mamlakatimizdagi mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan mazkur inshootlardan milliy va xalqaro me`yoriy hujjatlar dorirasida foydalanishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Forumda so`zga chiqqan Norin-Sirdaryo irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi o`rinbosari Saydulla Mehmonov mamlakatimiz hududidan oqib o`tuvchi Podsho-ota daryosi suvidan oqilona foydalanish bo`yicha amalga oshirilayogan ishlar xususida gapirib berdi.

Ta`kidlash joizki, 130 kilometr uzunlikdagi bu daryo Qirg`izston hududidan boshlanadi. Namangan viloyatining Chortoq va Yangiqo`rg`on tumanlari hududidan oqib o`tadi va mamlakatimizga tegishli bo`lgan 24 ming gektar ekin maydonini suv bilan ta`minlaydi.

– Joriy yilning iyul oyida daryoning O`zbekiston hududidan o`tuvchi qismidan unumli foydalanish maqsadida Kichik havza kengashi tashkil etildi, - deydi anjuman ishtirokchisi, mazkur kengash kotibi Nurmamat Xudoyberdiev. – Ayni paytda qirg`izistonlik qo`shnilar bilan tez-tez uchrashib, umumiy boyligimiz bo`lgan ushbu daryo suvidan o`zaro kelishuv asosida, tejamkorlik bilan foydalanish bo`yicha fikr almashib turamiz.

Forum ishtirokchilariga Buxoro viloyatining Qorako`l tumani hududidan oqib o`tuvchi Yomonjar kanali haqida ham ma`lumot berildi. Amudaryodan suv oladigan ushbu kanal 1973 yilda qazilgan, uning dastlabki 6,2 kilometri Turmanistondan, 26,3 kilometri O`zbekiston hududidan oqib o`tadi.

– Biz ushbu suv inshootidan foydalanishda turkman qo`shnilarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, - deydi Amu-Buxoro kanali irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi raisining birinchi o`rinbosari To`lqin Davronov. – Ayni paytga qadar bu suv inshootidan foydalanishda biror kelishmovchilik yuzaga kelmagan. Bugungi kunda mavjud eklogik vaziyat, iqlim o`zgarishlar suv resurslaridan o`ta ehtiyotkorlik bilan foydalanishni talab etmoqda. Shu bois kanal havzasida zamonaviy suv qurilmalarini o`rnatish, suvning har bir kubometrini nazorat qilish bo`yicha zarur choralarni ko`ryapmiz.

Forum doirasida tashkil etilgan ko`rgazmada mazkur suv inshootlarimiz haqidagi ma`lumotlar aks etgan stendlar, videolavhalar, fotosuratlar namoyish qilindi.

    Boshqa yangiliklar