Qirg`izistonning Bishkek shahrida Maraziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda USAID hamkorligida Smart Waters (“Suv. Ta`lim. Hamkorlik”) mavzusidagi xalqaro forum o`z ishini davom ettirmoqda.
Forumning birinchi kuni mintaqada kichik transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo`yicha hamkorlikni mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar xususida so`z yuritilgan, Aspara, Isfara, Aksuu, Kurkureusu, Kurkuroo, Murg`ob daryolari, Yomonjar kanali borasida ko`rgazmali materiallar taqdim etilgan edi.
Forumda O`zbekistondan tegishli vazirlik va idoralar, hududiy boshqaruv organlari vakillari, olim va mutaxassislar ham faol ishtirok etishmoqda.
— Ma`lumki, mintaqamiz uchun suv muhim hayotiy manbalardan sanaladi, - deydi Toshkent Davlat Irrigasiya va qishloq xo`jaligi mexanizasiyalash muhandislari instituti Ekologiya va suv resurslari kafedrasi mudiri, professor Abduhakim Salohiddinov. — Mamlakatimizning mintaqadagi davlatlar bilan har tomonlama aloqalari so`nggi yillarda sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. Sir emas, ota-bobolarimiz asrlar davomida mintaqadan daryolar suvidan o`zaro murosayu madora bilan foydalanib kelishgan. Bugun butun sayyoramizda suv ta`minoti global masalalardan biri bo`lib turgan bir paytda transchegaraviy daryolardan xalqaro va milliy qonunchilik doirasida, oqilona foydalanish Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishda katta ahamiyatga ega.
Forumning ikkinchi kuni suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishda yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mazkur daryolardagi kichik havza kengashlari faoliyatini kengaytirish, bu borada targ`ibot ishlarini kuchaytirish masalalariga e`tibor qaratildi.
Ta`kidlanganidek, Markaziy Osiyoda Mirdaryo, Amudaryo, Zarafshon singari yirik daryolardan tashqari 200 ga yaqin kichik transchegaraviy daryolar oqib o`tadi. Biroq, negadir har doim ham ushbu suv havzalaridagi muammolar haqida gapirilmaydi. Holbuki, bu daryolar mintaqadagi xalqlarning umumiy boyligi sanaladi. Ularni asrab-avaylash, oqilona foydalanish masalalariga, ushbu suv inshootlari bilan boshliq muammolarga mintaqadagi davlatlarning barchasida birdek e`tibor qaratilmayapti.
Bugungi kunda sug`oriladigan er maydonlarining kengayishi, aholining ko`payishi, iqlim o`zgarishlari, mintaqadagi muzliklarning qisqarib borishi har birimizdan bu masalaga yanada jiddiyroq e`tibor qaratish lozimligini talab etmoqda.
Forumda so`zga chiqqanlar bu boradagi muammolarni hal etishda kuchlarni birlashtirish lozimligini, zamonaviy tajribalardan birgalikda foydalanish kerakligini qayd etishdi.
Albatta, bu borada aholining savodxonligini oshirish, turli qo`llanmalar chop etish, joylarda seminar-treninglar o`tkazish ham ma`lum ma`noda samara berishi mumkin. Ammo, bu bilan aholining barcha qatlamlarini birdek qamrab olish qiyin.
— Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi O`zbekiston filiali tomonidan amalga oshirilayotgan UZWaterAware loyihasi jurnalistlar, mahalliy aholi vakillari, xususan yoshlarni qamrab olish bo`yicha bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda, - deydi ushbu loyiha mutaxassisi Ekaterina Ustinenko. — Joriy yil may oyida bir guruh jurnalistlar bilan Orolbo`yi hududiga press-tur uyushtirildi. Jurnalistlar Orolbo`yidagi ekologik vaziyat bilan yaqindan tanishishdi. Yaqinda o`quvchilar o`rtasida suvni e`zozlash mavzusiga baishlangan insholar va suvratlar tanlovini o`tkazdik. Unda O`zbekistonning turli hududlaridan yuzlab o`g`il-qizlar ishtirok etdi. Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish mavzusidagi turli qiziqarli, ommabop materiallarni e`lon qilib boryapmiz.
Forum ishtirokchilari kichik transchegaraviy daryolardan foydalanishda ortiqcha suv sarfiga yo`l qo`ymaslik uchun tomilatib sug`orish, yomg`irlatish, suv sarchini hisoblashda zamonaviy agregatlar, hisoblash uskunalarini o`rnatish bo`yicha taklif va tavsiyalar berishdi.
Transchegaraviy daryolar havzasida, chegara hududlarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari ishtirokida madaniy ma`rifiy tadbirlar o`tkazish taklifi ham ilgari surildi. Masalan, Isfara daryosi havzasida uch yildan beri "Isfara – do`stlik daryosi" mavzusida Qirg`iziston va Tojikistonda bayram tadbirlari o`tkazib kelinadi. Ushbu daryoning kichik qismi O`zbekiston hududidan oqib o`tadi. Kelgusida ushbu bayramda O`zbekiston vakillarining ham faol ishtirokini yo`lga qo`yish taklif etildi.
Namangan viloyatining Yangiqo`rg`on va Chortoq tumanlari, hamda Qirg`iziston hududidan o`tuvchi Podsho-ota daryosi bo`yida ham ikki mamlakat vakillari ishtirokida tadbirlar o`tkazish maqsadga muvofiqligi ta`kidlandi.






