Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi vakillari tomonidan giyohvand moddalarning yurtimizga noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati ma`lum qildi.
Chet davlatidan mamlakatimizga "Xo`jadavlat" temir yo`l chegara bojxona posti orqali kirib kelgan temir yo`l vagonlari bojxonachilarda shubha uyg`otganligi sababli xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida, temir yo`l vagonining pastki g`ildiraklari orasidagi tuynugida xufiyona tarzida yashirilgan qora rangli paypoq ichiga solingan o`ziga xos o`tkir hidli, saqichsimon jigarrang modda borligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Ekspert kriminalistika bo`limining bergan xulosasida ashyoviy dalil sifatida olingan moddalar "opiy" giyohvandlik moddasi ekanligi va sof vazni 686,8 grammni tashkil qilishi ko`rsatilgan.
Ayni damda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






