AsosiyJamiyat

Samarqandda 100 dona zargarlik buyumlari yashirinchi olib kirilayotganda to`xtatildi

'Samarqandda 100 dona zargarlik buyumlari yashirinchi olib kirilayotganda to`xtatildi'ning rasmi

Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasining matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra Samarqand shahridagi xalqaro aeroportga “Istanbul-Samarqand” reysi bilan uchib kelgan fuqaro D.M. yashil yo`lak orqali o`tar ekan, belgilangan normalardan ortiqcha qimmatbaho metal-kumushdan yasalgan 100 dona umumiy vazni 336,7 gr. bo`lgan uzuk va sirg`alarni yashirincha olib kirmoqchi bo`lgani aniqlandi.

Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Samarqand viloyati Ma`muriy sudi fuqaro D.M.ning huquqbuzarlik harakatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, fuqaro D.M. nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 227-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 33-moddasi qo`llanib, eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Shuningdek, jami bahosi 8,4 mln. so`mlik kumushdan yasalgan taqinchoqlar tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.

Amaldagi tartiblarga ko`ra, jismoniy shaxslar vazni 65 gr.gacha bo`lgan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini shaxsiy extiyojlari uchun bojsiz olib kirishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar