AsosiyJamiyat

O`zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi unutilmas voqea haqida so`zlab berdi

'O`zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi unutilmas voqea haqida so`zlab berdi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston turizmni rivojlantirish qo`mitasi Indoneziyadagi «Gunadarma» universiteti rektori, Indoneziya-O`zbekiston do`stlik uyushmasini rahbari, professor Eko Shri Margiantini O`zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi diplomi bilan taqdirladi. Bu xaqda O`zA xabar berdi.

– Bunday e`tirofga sazovor bo`lganimdan xursandman, – deydi professor Eko Shri Margianti. – Ilk bora 2010 yilda shaxmat musobaqasiga talabalarni olib kelgandim. Shundan buyon O`zbekistonga 13 marta kelib ketdim. Shu yilning o`zida esa to`rt marta keldim. Dekabr oyida yurtimdagi universitetlarning rektorlari bilan kelish niyatim bor. Aslini olganda kelgusida yurtimda yashovchi 265 million aholining barchasini O`zbekistonga jalb qilish niyatim bor.

Shu o`rinda qayd etish joizki, professor Margianti o`z mamlakatidagi 30 ortiq universitet bilan O`zbekistondagi oliy ta`lim dargohlari o`rtasida hamkorlik o`rnatishda o`zining beqiyos hissasini qo`shib kelmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti shular sirasidandir. U tufayli ta`lim sohasida talabalar almashinuviga erishildi.

– O`zbekistoni targ`ib qilishda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanilmoqda, – deydi faxriy mehmon. – Indoneziya tele va radio kanallarida ko`plab chiqishlar uyushtirilmoqda. Indoneziyalik sayyohlarga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun turizm sohasi kadrlarini va gidlarni tekinga malakasini oshirish harakatidaman. Bu borada ko`plab tashkilotlar, ayniqsa reklama kompaniyalari bilan hamkorlik qilayotirman.

Turizm elchisi O`zbekiston haqidagi xotiralari haqida so`zlaganda Chimyon tog`lari bilan bog`liq voqealar haqida so`zlab berdi.photo5188641993801181752.jpg

– O`zbekistonda to`rtta fasl ham bor, – deydi xonim. – Bizning xalqimiz ko`proq qorga qiziqadi. Mamlakatimiz rahbarlari bilan bir kelganimizda Chimyon tog`lariga borgan edik. Sayohatimiz shu qadar maroqli bo`ldiki, vaqt o`tganini sezmay qoldik. Natijada qaytib ketish uchun samolyotga zo`rg`a ulgurdik.

Taqdirlash marosimi yakunida «Gunadarma» universitetida tashkil etilgan xor jamoasi talabalari O`zbekiston davlat madhiyasini o`zbek tilida kuylagani tasvirlangan video taqdim etildi. Shuningdek, Indoneziya aholisi uchun O`zbekiston madaniyati, tarixi, san`ati va buguni haqidagi maqolalarni e`lon qilib boruvchi saytning rasmiy ochilishi ham o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar