AsosiyJamiyat

Prezident Xiva tumanidagi “Khiva Silk Fabric” korxonasini borib ko`rdi

'Prezident Xiva tumanidagi “Khiva Silk Fabric” korxonasini borib ko`rdi'ning rasmi

Bo`sh turgan binoni modernizasiyalash orqali amalga oshirilgan loyihaning birinchi bosqichi joriy yil avgust oyidan ishga tushirildi. Xitoydan ixtisoslashgan uskunalar olib kelib o`rnatildi.

Klaster usuliga asoslangan korxona yiliga 140 tonnadan ziyod quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu erda 110 kishi, asosan ayollar ish bilan ta`minlangan. Viloyat miqyosida olganda esa, bugungi kunda pillachilik tarmog`ida mingta doimiy, 30 mingta mavsumiy ish o`rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Pillachilikda odamlarni, ayniqsa, ayollarni ish bilan ta`minlash bo`yicha katta imkoniyatlar borligi, xorijdan katta bargli tut navlarini olib kelib, shunday korxonalarni har bir tumanda tashkil etish zarurligini ta`kidladi. Bu haqda davlat rahbarining veb-saytida ma`lum qilindi.

Kelgusi yildan korxonada ipak tolasidan mato va tayyor kiyim-kechak tayyorlash, g`umbakdan laboratoriya usulida yog` olish yo`lga qo`yiladi. Ipakni olgandan keyin pilla ichida qoladigan g`umbakka shu kungacha bizda chiqindi sifatida qaralgan. Oqsilga juda boy g`umbakdan kosmetologiyada ishlatiladigan qimmatbaho yog` olinadi. Xitoyda bu yog`ning 1 litri 40-50 dollar atrofida sotiladi.

Korxonada xitin va xitozan moddasi, biologik faol qo`shimchalar, g`umbak konservasi, tut bargidan choy va shirinliklar ishlab chiqarish ham ko`zda tutilgan.

Hozirdanoq qiymati 1,1 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolangan. Xususan, Xitoy va Pokistonga ipak mahsulotlari etkazib berish rejalashtirilgan.

Shu erda Xorazmda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va bog`dorchilikni rivojlantirish, qovun etishtirishni ko`paytirish va eksport qilish, asosiy va takroriy ekinda sholi etishtirishga oid istiqbolli loyihalar taqdimoti o`tkazildi.

Prezidentimiz loyihalarni sifatli bajarish, aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta`minlash, ish o`rinlari va daromad manbalarini ko`paytirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi. Toshsoqa magistral sug`orish kanallarini qayta qurish bo`yicha bajarilgan ishlar bilan tanishar ekan, qurilish ishlarini izchil davom ettirish, suvni tejashga qaratilgan bunday loyihalarni boshqa viloyatlarda ham amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar