AsosiyJamiyat

Samarqandning ikki tumani hokimiga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atildi

'Samarqandning ikki tumani hokimiga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 sentyabrdagi “2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don etishtirishning prognoz hajmlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan muntazam nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda.

"Zarafshon" nashri xabar berishicha, mazkur tadbirlar davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2 nafar mas`ul shaxs ogohlantirilib, 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy, 79 nafar shaxsga ma`muriy javobgarlik choralari qo`llanildi.

Jumladan, Jomboy tumani hokimi U.Nazarov va Oqdaryo tumani hokimi F.Abilov Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosiga mas`uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun ularga nisbatan O`zbekiston Respublikasi ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 198-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy ish qo`zg`atildi.

Past Darg`om tumani suv iste`molchilar uyushmasi boshlig`i Q.Xalilov o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan holda “Zarafshon” MMTP hududidagi g`alla maydonlarini sug`orish uchun ajratilgan suvni nazoratsiz qoldirganligi sababli ma`muriy jazolandi.

Shu kabi nazorat tadbirlari davomida boshoqli don ekishni asossiz ravishda kechiktirgan Oqdaryo tumanidagi “Avnamas-saxovatli diyor”, “Dahbet ne`matlari”, “Oqdaryo Navro`z hosili”, “Jasur Oripov”, “Chorbog` kelajak bog`lari”, “Xusenov Maxsud hosili”, ”Maxsum Bog`lari”, “Begoyim”, “Madina-bonu bog`i”, “Dahbet Diyorbek g`allasi”, “Baraka” fermer xo`jaliklari rahbarlariga ham ma`muriy javobgarlik choralari qo`llanildi.

“Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining Urgut tuman don qabul qilish maskani mudiri Z.Mirzaev urug`lik bug`doyning muvofiqlik sertifikatini olmasdan tarqatgani aniqlanib, unga nisbatan ma`muriy javobgarlikka oid ish qo`zg`atildi.

Eslatib o`tamiz, 2019 yil hosili uchun viloyatdagi 9 ming 628 fermer xo`jaligi tomonidan 104 ming 249 gektar sug`oriladigan maydonda g`alla parvarishlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar