Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni Urganch shahridagi «Nihol» innovasion maktabini borib ko`rdi, deb xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.
Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan ushbu nodavlat ta`lim muassasasi boshlang`ich sinf o`quvchilariga mental arifmetika, ingliz va rus tillarini chuqurlashtirilgan tarzda o`rgatishga ixtisoslashgan. O`quvchilarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat to`garagi tashkil etilgan. Maktabga tayyorlov guruhlari ham yo`lga qo`yilgan.
Maktabda 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, o`qituvchilar va hamshira xonalari, faollar zali mavjud.
Hozirda innovasion maktab 250 o`ringa mo`ljallangan. Ehtiyojdan kelib chiqib yana 500 o`rinli yangi o`quv binosi barpo etish rejalashtirilgan. Unda bolalar o`qishni yuqori sinflarda ham davom ettirib, bilimini mustahkamlab boradi.
Davlatimiz rahbari o`qituvchilar faqat dars berish bilan shug`ullanmasdan bolalarning dunyoqarishini o`stirishi, mantiqiy fikrlashga o`rgatishi, ularning ruhiyatiga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishi zarurligini ta`kidladi.
Maktabga avtobus va o`quvchilarga planshetlar sovg`a qilish bo`yicha topshiriq berdi.











