AsosiyJamiyat

Navoiyda tadbirkorlarning 1 milliard 800 million so`mdan ortiq qarzidan kechildi

'Navoiyda tadbirkorlarning 1 milliard 800 million so`mdan ortiq qarzidan kechildi'ning rasmi

Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi va shahar, tuman davlat soliq inspeksiyalarida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Soliq qarzining paydo bo`lish sabablari, to`lovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yo`llari» mavzusida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari o`tkazilmoqda, deb yozadi O`zA.

Unda O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi «Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga etkazish, hujjatda belgilangan soliq imtiyozlaridan unumli va maqsadli foydalanish, ular faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama etilmoqda.

Viloyatda olib borilgan targ`ibot-tushuntirish ishlari natijasida 266 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tikladi hamda belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tishi bilan ulardagi 1,8 milliard so`m soliq qarzi hisobdan chiqarildi.

Bu esa, o`z navbatida, ularning tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklashi, yangi ish o`rinlari yaratishi hamda byudjet tushumlariga hissa qo`shish maqsadida davlat tomonidan birinchi bor berilayotgan imkoniyatdir.

«Bir necha yildan beri davlatdan moliyaviy jarima bo`yicha qarzlarimni to`lolmay yurgan edim, — deydi A.Suponov. — Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq qarzdorligining kechilishi faoliyatimni qayta tiklash imkonini berdi. Davlat soliq organlari xodimlari tomonidan 67,8 million so`mlik soliq qarzlarim hisobdan chiqarildi».

Fuqaro Rashid Boychaevning ham 67 million so`mdan ortiq qarzdorligi mavjud edi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, qayta ro`yxatdan o`tdi va barcha qarzdorligidan qutilib, hozirgi kunda tadbirkorlikni boshladi.

    Boshqa yangiliklar