AsosiySport

Umid Ahmadjonov Seulda Osiyo taekvondo uyushmasi prezidenti bilan uchrashdi

'Umid Ahmadjonov Seulda Osiyo taekvondo uyushmasi prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov xizmat safari bilan Janubiy Koreyaga jo`nab ketdi. MOQ rahbariga ushbu safar davomida O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasi raisi Ahmadjon Rahimov hamrohlik qilmoqda. Bugun ular mamlakat poytaxti Seul shahridagi “Hyatt Park Seoul” mehmonxonasida Osiyo taekvondo uyushmasi prezidenti Li Kyu Syok bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov va Ahmadjon Rahimov Osiyo taekvondo uyushmasi rahbarini mamlakatimizda taekvondoni rivojlantirish dasturi, mazkur sport turi bo`yicha maktabgacha ta`lim muassasalarida ham to`garaklar ochish rejasi bilan tanishtirdi. Bu bo`yicha bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, janob Syok O`zbekiston Milliy universitetidagi taekvondo va sport faoliyati kafedrasiga kelib, ma`ruza qilish uchun taklif qilindi. O`z navbatida, Osiyo taekvondo uyushmasi rahbari mazkur taklifga ijobiy javob qaytardi.

Shuningdek, rejaga binoan yanvar oyida Markaziy Osiyo taekvondo assosiasiyasining ochilish marosimi bo`lib o`tadi. Ushbu tadbirga Li Kyu Syok ham tashrif buyurishi kutilmoqda. Tashkil etiladigan yangi assosiasiya rahbarligiga O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasi raisi Ahmadjon Rahimov asosiy nomzod bo`lib turibdi.

Bugun shuningdek, kun davomida taekvondoni rivojlantirish bo`yicha yana bir necha uchrashuv o`tkazilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar