Farg`onada bir guruh faollarga O`zbekiston Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligi arafasida «Mahalla iftixori» ko`krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
«Davlat rahbarining 2017 yil 13 iyuldagi «Mahalla iftixori« ko`krak nishonini ta`sis etish to`g`risida»gi qarori fidoyi va mahalla-ko`y, el-yurt tashvishida tunlarni tongga ulab ishlagan yurtdoshlarimiz mehnatiga munosib rag`bat bo`ldi», - deyiladi xabarda.
Ilk bor berilayotgan ushbu nishonga joriy yilda Farg`ona viloyatidan o`zini o`zi boshqarish organi ishlariga munosib hissa qo`shib kelayotgan 36 nafar faol va tashabbuskor fuqaro hamda jamoatchilik tuzilmalari vakillari munosib ko`rildi.
«Mahalla iftixori» ko`krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarni viloyat hokimi Sh.G`aniev qutladi va ularni o`z egalariga tantanali topshirdi.
– Bosh qomusimiz bayrami arafasida bu mukofot bilan taqdirlanganimiz bizga alohida mas`uliyat yuklaydi, – deydi Qo`qon shahridagi «Qaymoqli guzar» mahalla fuqarolar yig`ini raisi Matluba Sodiqova. – Bugun yurtimizda mahalla tizimiga katta e`tibor qaratilmoqda. Mahallamizda istiqomat qilayotgan 3 mingga yaqin aholi barcha ishlarda faol. O`tgan uch yil davomida hududimizda birorta jinoyat sodir etilmadi. Mahalla faollari bilan bamaslahat ish yuritayotganimiz bunda muhim o`rin tutmoqda.