Tez orada O`zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan «Toshkent — Xo`jand — Qo`qon — Toshkent» yo`nalishida avtobus qatnovlari yo`lga qo`yilishi kutilmoqda. Bu haqda «Xalq so`zi» xabar bermoqda.
4 dekabr kuni mazkur yo`nalishdagi qatnovlarni tashkil etish borasidagi masalalarni o`rganish maqsadida ilk texnik sinov qatnovi yo`lga chiqdi. Agentlik mutaxassislari tojikistonlik hamkasblari bilan birga mazkur yo`nalishning harakat jadvali, chegara va bojxona nazorat punktlaridan o`tish jarayoni va boshqa texnik masalalarni o`rganib chiqadi.
— Shu kunga qadar qo`shni Tojikistonga to`rtta yo`nalish ochilgan, — deydi agentlikning avtomobil tashuvlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Abror Isaev. — Bular «Toshkent—Xo`jand», «Termiz—Dushanbe», «Denov—Dushanbe» va «Samarqand—Panjikent» yo`nalishlaridir. Navbatdagi yo`nalish o`zbek va tojik xalqlari uchun yana bir qulaylikdir.
Hozirgi kunda O`zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan xalqaro avtobus yo`nalishlari soni 12 taga etkazildi. Shundan 5 tasi Qozog`iston, 2 tasi Rossiya Federasiyasi, bittasi Qirg`iziston, qolgani esa Tojikistonga qatnovlarni amalga oshiradi.
Ushbu xalqaro yo`nalishlarda kuniga 15-16 ta avtobus xizmatidan o`rtacha 600-700 nafar yo`lovchi foydalanmoqda. Yo`nalishlar ochilganidan boshlab 62 000 nafardan ziyod kishi o`z manziliga etkazib qo`yildi.






