24 noyabr - 2 dekabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida o`smirlar o`rtasida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o`tkazilgan va musobaqa yakunlariga ko`ra o`zbekistonlik yosh aql-idrok sohiblari shohsupaning eng yuqori pog`onasidan o`rin egallagandilar.
Bugun, 6 dekabr kuni ana shu Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan shaxmatchilarimizni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Shaxmat bo`yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabida tashkil etilgan marosimda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha ta`lim vaziri Agrepina Shin, Milliy olimpiya qo`mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov so`zga chiqar ekan, qo`lga kiritilgan muvaffaqiyat zamirida mamlakatimiz rahbari tomonidan sportga qaratilayotgan e`tibor, g`amxo`rlik turgani haqida gapirdi.
"Ushbu muvaffaqiyatingizdan Siz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev juda xursand bo`ldilar. Bugun mamlakatimiz rahbari nomidan Sizlarni tabriklash men uchun katta sharafdir. Siz musobaqada shaxmat olamida o`ziga yarasha nufuzga ega bo`lgan mamlakatlar - Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, shuningdek, Ukraina, Vengriya, Polsha, Moldova vakillarini mag`lubiyatga uchratdingiz. Bu esa g`alabangiz salmog`ini yanada oshirishi shubhasizdir.
Bugungi kunda mamlakatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. U kishining qo`l ostida turli islohotlar va loyihalar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi albatta sportchilarimizga yanada yaxshiroq sharoitlar yaratishga qaratilgan. Sizlarning xalqaro arenada qayd etgan ushbu g`alabangiz biz to`g`ri yo`lda ekanligimizni yana bir bor tasdiqladi.
Bungacha aql-idrok sohiblarimizning mazkur o`yinlarda ko`rsatgan eng yaxshi natijalari 2004 yilda bo`lgandi. O`shanda sportchilarimiz uchinchi o`ringa ega chiqqandilar. Bu safar esa siz tarixiy natijani qayd etib, oldingizga qo`yilgan vazifani a`lo darajada bajardingiz.
Sizlardan kelajakda umidimiz katta. Ishonamanki, erishilgan muvaffaqiyat bilan to`xtab qolmaysizlar va kelajakda o`zbek shaxmati tarixida yangi sahifa ochishda davom etasizlar", - dedi Bosh vazir o`rinbosari.
So`ngra O`zbekiston shaxmat federasiyasi raisi o`rinbosari Husan Turdaliev so`zga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so`ng shaxmat Olimpiadasi qahramonlari - Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboev, Shamsiddin Vohidovlarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`asi - "Spark" avtomobillari topshirildi.


Murabbiy Saydali Yo`ldoshevga esa Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan 15 000 000 so`m miqdoridagi mukofot puli taqdim etildi.

Ma`lumot uchun, terma jamoamizning yana bir a`zosi, 12 yoshli Javohir Sindarov oktyabr oyida xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo`lgani uchun Shavkat Mirziyoev tomonidan 3 xonali uy bilan taqdirlangandi.






