Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ldi.
Tashrifning asosiy voqealari 24 oktyabr kuni bo`ldi. Rasmiy kutib olish marosimidan keyin Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.
O`zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, til va urf-odatlari o`xshash. Ikki xalq azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib keladi, bir daryodan suv ichadi.
Ajdodlarimizning ilmiy, madaniy-ma`naviy va adabiy merosi xalqlarimizning umumiy mulkidir. Hech bir mubolag`asiz aytish mumkinki, Turkmanistonda Alisher Navoiy, O`zbekistonda Maxtumquli asarlari katta qiziqish bilan mutolaa qilinadi va tadqiq etiladi.
Bugungi kunda O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi munosabatlar yuksak sur`atlar bilan rivojlanmoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlari o`rtasidagi yaqin do`stlik, ishonch va samimiyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamligi davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir.
O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi Ashxobod uchrashuvi oliy darajadagi samarador va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo`ldi.
Prezidentlarning ochiqlik va ishonch ruhida o`tgan suhbatida o`zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarakligi, ikki tomonda ham ko`p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun xohish va iroda mavjudligi, davlatlarimiz buning uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta`kidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashuv davomida muhokama etilgan barcha masalalar bo`yicha tomonlarning qarashlari va yondashuvlari o`xshash yoki yaqinligi qayd etildi.
Bu, ayniqsa, Afg`oniston masalasiga munosabatda yorqin namoyon bo`ladi. O`zbekiston va Turkmaniston Afg`onistonning yaqin qo`shnilari sifatida temir yo`llar va ko`priklar barpo etish, muhim infratuzilma ob`ektlarini tiklash, elektr energiyasi va boshqa mahsulotlar etkazib berish bo`yicha loyihalarni amalga oshirib, bu orqali mazkur mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o`rnatilishiga salmoqli hissa qo`shib kelmoqda.
Dunyoning turli mintaqalarida vaziyat shiddat bilan o`zgarayotgan, voqealar rivoji oldindan aytib bo`lmaydigan holatga kelgan, bosqinchilik va zo`ravonlik kengayib borayotgan bugungi sharoitda davlat rahbarlarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik xavfsizlikni ta`minlash masalalaridagi hamfikrliligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov mintaqada suv resurslaridan foydalanish masalalariga alohida e`tibor qaratdilar. Ta`kidlanganidek, suv-energetika sohasiga doir masalalarni hal qilishda, jumladan, transchegaraviy daryolarda yirik gidroenergetika inshootlarini barpo etishda BMTning tegishli konvensiyalarida belgilab berilgan xalqaro me`yorlarga muvofiq ish tutish, bunday ob`ektlarning loyihalarini mustaqil xalqaro ekspertizadan o`tkazish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar o`zaro hamkorlik strategiyasini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan pozisiya va qarashlarni o`zaro muvofiqlashtirib borish maqsadida oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam davom ettirishga kelishib oldilar.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi.
O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasida o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2013 yilda 353,9 million AQSh dollarini tashkil etgan bo`lsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 246 million dollarga etdi. Lekin, qayd etilganidek, tomonlarning imkoniyatlari bu raqamlardan ancha yuqori.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi savdo hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning yanada samarali chora-tadbirlari va mexanizmlarini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq ekani ta`kidlandi.
O`zbekiston va Turkmanistonning iqtisodiy hamkorligida transport kommunikasiyalari muhim yo`nalishlardan biridir. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yo`llari yaxshi integrasiyalashgan tizim bo`lib, nafaqat O`zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham qulay tranzit majmui vazifasini o`tamoqda.
Mamlakatlarimiz ikki va ko`p tomonlama asosda transport kommunikasiyalari sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Xususan, Prezident Islom Karimov tashabbusining amaliy ifodasi bo`lgan O`zbekiston – Turkmaniston – Eron – O`mon yangi xalqaro transport-kommunikasiya koridorini barpo etish bo`yicha 2011 yili imzolangan bitim muhim geostrategik ahamiyatga egadir.
Ushbu g`oyaning hayotga tatbiq etilishi Markaziy Osiyo davlatlarini Yaqin Sharqning iqtisodiy faol ko`rfazlaridagi bandargohlar bilan bog`lash imkonini beradi. Bu kelgusida bojxona sohasida, avtomobil, temir yo`l va dengiz transporti orqali yuk tashish va tranzit qilishda qulayliklar yaratilishiga yo`l ochadi.
Shuni ham ta`kidlash joizki, qo`shma loyihalar sarmoyaviy hamkorlik rivojiga yangi sur`at baxsh etadi.
Ekspertlarning fikricha, loyiha ijrosi yakuniga etgach, boshqa mamlakatlar ham undan foydalanishdan manfaatdorlik bildiradi. Bu loyihaning jozibadorligini yanada oshiradi.
Iqtisodiy aloqalarning ustuvor yo`nalishlaridan yana biri energetika sohasidir.
O`zbekiston va Turkmanistonda uglevodorod resurslarining yirik zaxiralari mavjud, lekin ikki mamlakat ham jahon bozorlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish yo`liga ega emas. Bunday sharoitda o`zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik yaxshi samara beradi. Bunga muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan va mamlakatlarimizga tabiiy gaz eksporti yo`nalishlarini diversifikasiya qilish imkonini bergan Turkmaniston – O`zbekiston – Qozog`iston – Xitoy transmilliy gaz quvuri loyihasi yaqqol tasdiq bo`ladi.
Muzokarada qo`shma korxonalar, milliy firma va kompaniyalar vakolatxonalarining sonini ko`paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Ikki mamlakatning salohiyatini namoyish etishga, tadbirkorlarning bevosita muloqotlari uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladigan milliy ko`rgazmalarni tashkil qilish an`anasini izchil davom ettirishga kelishib olindi.
O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu borada 2014-2016 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi doirasida ikki mamlakatning madaniyat va san`at namoyandalari O`zbekiston va Turkmanistonda o`tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko`riklar, ko`rgazma va forumlarda faol ishtirok etmoqda.
Kelishuvga binoan bundan buyon ham ikkala mamlakatda tashkil etiladigan madaniy tadbirlar va sport musobaqalari haqida muntazam ravishda ma`lumot almashib boriladi hamda madaniyat va san`at namoyandalarining, sportchilarning faol ishtiroki ta`minlanadi. Rassomlar asarlari ko`rgazmalarini, hunarmandlik mahsulotlari yarmarkalarini, musiqa va teatr jamoalarining ijodiy safarlarini tashkil etish davom ettiriladi.
Muzokarada sayyohlik sohasida mamlakatlarimiz ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta`kidlandi. “Buyuk ipak yo`li” sayyohlik loyihasi doirasida kombinasiyalashgan sayohatlar tashkil qilish orqali bu sohadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. Boshqacha aytganda, O`zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga borgan sayyoh O`zbekiston orqali qaytib ketishini yo`lga qo`yish mumkin. Shu tariqa milliy aviakompaniyalarning hamkorligini kengaytirish uchun ham yaxshi zamin yaratiladi.
Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo`shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat o`rtasida zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikasi vositalari etkazib berishga, tashqi siyosat mahkamalari va savdo-sanoat palatalari o`rtasidagi munosabatlarga, ekologiya sohasida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ushbu tashrif o`zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan oliy darajadagi samarali muloqotning davomi bo`lganini, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay fursat yaratganini ta`kidladilar. Muzokaralar ochiqlik, o`zaro anglashuv va hamjihatlik ruhida o`tgani, imzolangan hujjatlar O`zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo`lidagi serqirra va do`stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sammitning asosiy voqealari nihoyasiga etgach, davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo`ldi. Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda o`zbek va turkman xalqlari o`rtasidagi do`stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo`lidagi buyuk xizmatlari uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmanistonning Maxtumquli nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. O`zbek hamda turkman xalqlari o`rtasidagi do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o`zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari uchun Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga O`zbekiston Respublikasining “Mustaqillik” ordeni topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida Prezident Islom Karimov “Halk hakydasy” (“Xalq xotirasi”) xotira majmuiga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida hamda Go`ktepa jangida (1880-1881) halok bo`lganlar, Ashxobod zilzilasi (1948) qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gul qo`ydi. Islom Karimov ushbu voqealar haqida hikoya qiluvchi muzey eksponatlari bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga rasmiy tashrifi yakuniga etdi. Ashxobod muzokaralari va erishilgan kelishuvlar O`zbekiston va Turkmaniston o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo`lidan sobitlik bilan borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
uza.uz





