AsosiySiyosat

Qonun loyihasi parlament a`zolarining e`tiroziga sabab bo`ldi

'Qonun loyihasi parlament a`zolarining e`tiroziga sabab bo`ldi'ning rasmi

Kecha, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Majlis kun tartibiga bir qator qonun loyihalari kiritilgan bo`lsa-da, lekin yig`ilish avvalida asosiy bahs-munozaralar 2019 yilga mo`ljallangan byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi ustida kechishi ayon bo`ldi, deb xabar berdi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Tarkib topgan an`anaga ko`ra, majlis arafasida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig`ilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilinganda ham deputatlar «2019 yilgi byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021 yillarga prognoz mo`ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi xususida qator o`rinli e`tirozlarini bildirdilar.

Qayd etilganidek, mazkur loyiha 2019 yilgi byudjet va soliq siyosatining asosiy yo`nalishlari Konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo`lib, Byudjet kodeksi, Soliq kodeksi va O`zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi qonunlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishini nazarda tutadi. Qonun loyihasi 2019 reja yiliga byudjet siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021 yillar prognoz mo`ljallarini amalga oshirish maqsadida qonunchilikdagi ayrim normalarning aniq qo`llanilishi, byudjetlararo munosabatlar va soliqqa tortish sohasidagi alohida masalalarini tartibga solishning zarur huquqiy sharoitlarini yaratishi lozim edi.

Biroq ushbu qonun loyihasi parlament quyi palatasining qo`mitalari, fraksiyalarida bo`lib o`tgan muhokamalarda deputatlarning bir qator savol va e`tirozlarini keltirib chiqardi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Reglamentiga ko`ra, Byudjetnoma tasdiqlangandan keyin u bilan bog`liq bo`lgan byudjet-soliq siyosati haqidagi qonun loyihasi Hukumat tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilishi, palata qo`mitalari hamda fraksiyalarida keng muhokama etilishi va qabul qilingach, 10 kun ichida Senatga yuborilishi kerak. Deputatlar majlisda, avvalo, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur o`ta murakkab va muhim qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga juda kechiktirib kiritilganiga e`tiroz bildirdilar.

Bundan tashqari, Prezidentimiz qabul qilinayotgan qonunlar to`g`ridan-to`g`ri amal qilishi, unda havolaki normalar mutlaqo bo`lmasligi lozimligi haqida bot-bot takrorlab kelayotgan bir paytda mazkur qonun loyihasida ko`plab havolaki normaning mavjudligi deputatlarning e`tiroziga sabab bo`ldi.

Shuningdek, parlament vakillarining ta`kidlashicha, loyihaning 71-moddasida xronometraj o`rganish, ya`ni tadbirkorlik sub`ektlarining naqd pul tushumi, ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizasiyasi xronometraji o`tkazilayotgan davrda tushumlarning haqiqiy hajmini aniqlash maqsadida tovar (ish, xizmat)larni haqiqiy realizasiya hajmlarini aniqlashga doir soliq tekshiruvi soliq va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblash uchun asos bo`lishi qonunan belgilanayotgani amaliyotda bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sababi, aksariyat ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizasiyasida mavsumiy holatlar mavjud bo`lib, xronometraj o`rganish ko`p hollarda tushum ko`paygan – mavsum ayni qizigan paytlarda o`tkaziladi. Masalan, salqin ichimliklar bilan savdo qiladigan tadbirkorlik sub`ektlari va ishlab chiqarishlar – yoz jaziramasida, farmasevtika firmalari – qish chillasida xronometraj qilinishi tadbirkorlik sub`ekti egasiga nisbatan adolatdan bo`ladimi? Holbuki, tabiiy sharoit, ya`ni «o`lik» mavsumlarda tadbirkorlik sub`ektlarining tushumi kamayadi. Mazkur qonun loyihasida esa soliq to`lovchida tovar (ish xizmat)lar realizasiyasidan foyda kamayishi yuzaga kelgan hollarda bu harakat soliq to`lashdan bo`yin tovlaganlik sifatida tasniflanishi belgilanayotgani deputatlarda e`tiroz uyg`otdi. Vaholanki, bunga boshqa qator ob`ektiv va sub`ektiv omillar ham sabab bo`lishi mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, parlament vakillari mazkur qonun loyihasi bilan soliq to`lovchilarni mavzuli va ekspress-o`rganishlar tartibi o`rnatilayotgani haqida ham shunday mulohaza bildirdilar. Ularning fikricha, mamlakatimizda qonunchilikni bosqichma-bosqich liberallashtirib, tadbirkorga kengroq imkoniyat va erkinlik yaratilayotgan bir paytda mazmun-mohiyati tekshiruvdan boshqa narsa bo`lmayapti, lekin yangicha nomlangan normalarning «kashf» qilinishidan kim naf topadi? Bu kabi o`rganishlarning joriy qilinishi tadbirkorlarning vaqtini olib, ish samaradorligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, xolos.

Muhokamalarda qonun loyihasida belgilangan yana bir norma – hisobga olish, mavjud ma`lumotlar qonuniylik darajasini oshirish va o`rganish orqali ma`lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to`lovchilar haqidagi ishonchli ma`lumotlarni to`plash maqsadida o`tkaziladigan soliq to`lovchilarni pasportlashtirish – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq to`lovchining hududini, bino va inshootlarini, mol-mulkini o`rganish hamda bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jalb etilishi mumkinligi ham keskin bahs-munozara keltirib chiqardi.

Deputatlar e`tiroz bildirganidek, axir bu oddiy, kundalik jarayon bo`lishi kerak emasmi? Shunchaki ro`yxatga olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili nega kerak bo`lib qoldi? Biz fuqarolik jamiyati qurishni targ`ib qilayotgan bir paytda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi – mahalla bosh-qosh bo`lishi kerak bo`lgan mahalla hududida ham faollarning o`zi ro`yxatni tuzmasa to`g`ri bo`larmikan? Bu yurtimiz uchun noyob bo`lgan mahalla instituti nufuzini tushirib yubormaydimi?

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 dekabrdagi «Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarning to`liqligini ta`minlash bo`yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Farmonida mahalliy byudjetlarning daromadini ko`paytirish, orttirilgan qo`shimcha daromadlarni mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish hamda hududlarni rivojlantirishga yo`naltirish ko`zda tutilgan edi. Qonun loyihasida esa mahalliy byudjetlarning daromadini hududlarning o`zida qoldirish masalasi birmuncha mavhum qoldirilgani ham deputatlar e`tiborini tortdi.

Umuman, yig`ilishda Hukumat tomonidan kiritilgan ushbu qonun loyihasi qizg`in muhokamalarga, e`tirozlarga olib keldi. Keskin bahs-munozaralar, savol-javoblar bo`lib o`tdi.

Muhokamalar yakuniga ko`ra, deputatlar tomonidan qonun loyihasi muhokamasini kechiktirish, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasiga esa ushbu loyiha bo`yicha mas`ul bo`lgan Hukumat a`zolarini, manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etib, loyiha ustida jiddiy ishlashni davom ettirish, barcha deputatlarning taklif va tanqidlarini e`tiborga olgan holda, kelgusi yalpi majlis muhokamasiga kiritish taklif qilindi.

Ushbu taklif bir ovozdan qo`llab-quvvatlandi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga doir boshqa masalalar ham ko`rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar