Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovga shartnoma bo`yicha harbiy xizmatga kirish va uni o`tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo`llash amaliyoti yuzasidan parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar, deb xabar bermoqda O`zA.
Qayd etilganidek, mazkur sohada ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida harbiy xizmatchilarning professional mahorati, intellektual salohiyati va harbiy tayyorgarligi darajasi oshdi. Ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kuchaytirildi, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida harbiy xizmatning obro`si va nufuzi keskin ko`tarildi.
Biroq, joylarda o`tkazilgan o`rganish, aholi bilan muloqot va ularning murojaatlari bilan tanishib chiqish kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga kirish, xizmat muddatini uzaytirish va xizmatdan bo`shash bilan bog`liq bir qator muammolar borligini ko`rsatdi.
O`rganish shartnoma asosida harbiy xizmatga kirish murakkab jarayon ekanligini ko`rsatdi. Ko`plab byurokratik to`siqlar mavjud, buning ustiga bu tartib-taomil ochiq-oshkora emas. Ayrim bosqichlarni o`tkazish va yakunlash muddatlari, shuningdek, mansabdor shaxslarning javobgarligi belgilab qo`yilmagan. Bundan tashqari, sobiq harbiy xizmatchilar, ayniqsa, pensiya olish huquqini beradigan stajga ega bo`lmagan harbiy xizmatchilar bandligini ta`minlash, ularni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash orqali ijtimoiy moslashtirishning yagona tashkiliy-huquqiy mexanizmi mavjud emas.
Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovga shartnoma asosida harbiy xizmatga kirish va uni o`tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo`llash amaliyoti yuzasidan parlament so`rovi yuborish zarurati yuzaga keldi.






