AsosiySiyosat

Prezident «Vatanparvarlar» bog`ini ko`zdan kechirdi

'Prezident «Vatanparvarlar» bog`ini ko`zdan kechirdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Qarshi shahrida barpo etilgan «Vatanparvarlar» bog`ini borib ko`rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu majmua davlatimiz rahbarining viloyatga avvalgi tashrifida bergan ko`rsatmasiga muvofiq vatanparvarlik ruhida rekonstruksiya qilingan.

Qariyb 7 gektar hudud obodonlashtirilib, muzey va blendaj qurilgan. Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz xotirasi jonlantirilgan. Muzey atrofida tarixiy harbiy texnikalar joylashtirilgan.

Bog` markazida O`zbekiston xaritasining ulkan maketi barpo etilgan. Unda har bir hududning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor tog`lari, bepoyon kengliklarigacha aks ettirilgan.

Bularning barchasi yoshlarning tarix haqidagi bilimlarini oshirib, mamlakatimizdan, ajdodlarimizdan, milliy armiyamizdan g`ururlanish tuyg`ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bog`dagi sun`iy ko`l, amfiteatr, o`q otish va qoyaga chiqish joylari yoshlarning vaqtini mazmunli o`tkazish, salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.

Prezidentimiz bog`dagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi, ta`lim muassasalaridagi «Jasorat» guruhlari a`zolari bilan suhbatlashdi.

- Bunday maskanlar yoshlarga xalqimiz tarixi, ma`naviyati va madaniyati haqida yaqqol taassurot beradi. Endi bundan samarali foydalanish, bu erga yoshlarni ko`proq olib kelib, ochiq darslar o`tkazish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

O`zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi g`alabaga qo`shgan hissasini yoshlarga etkazish, tinchlik-osoyishtaligimiz uchun katta xizmatlar qilgan vatandoshlarimiz haqida so`zlab berish zarurligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar